Adliya vazirligi shu yilning 15 martidan 15 may sanasiga qadar «Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish» huquqiy aksiyasini o‘tkazmoqda.

Vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga 8 aprelga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Ta’kidlanishicha, o‘tgan davr mobaynida soha xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 9000 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi.

Natijada adliya organlariga 3561 ta murojaatlar kelib tushdi, shundan, 2391 tasi (67%) qanoatlantirildi, 248 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi va 22 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra vakolatli organlarga yuborildi. Ayni vaqtda 900 ta murojaat ish yurituvida ko‘rib chiqilmoqda.

Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (694 ta), Qashqadaryo (437 ta), Navoiy (305 ta) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Hududiy adliya organlari tomonidan sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 930 ta taqdimnoma, 1447 ta ogohnoma, 162 ta ma’muriy va 3 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga 1766 ta 7 mlrd 189,52 mln so‘mlik da’vo arizalari kiritildi.

Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida taqdimnomalarga asosan 5 mlrd 240 mln so‘m mablag‘lar (ish haqi, ustama va boshqa to‘lovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, 383 ta hujjat bekor qilindi, 398 ta shaxs intizomiy, 33 ta shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Qayd etilishicha, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ham ko‘rilgan.

Jumladan, Quvasoy shahar 90-son kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati xodimlarining ish stavkalari ularning roziligisiz asossiz ravishda qisqartirilganidan norozi bo‘lib qilgan murojaati shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganildi. Unda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi, murojaat qilgan xodimlarning roziligisiz ish stavkalarini o‘zgartirganligi aniqlanib, maktab direktorini ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga taklif kiritildi.

Sardoba tuman adliya bo‘limi tomonidan Sardoba tumanidagi Paxtaobod Kasb-hunar maktabida ishlovchi fuqaro A. Yangiboyevning har oylik ustama pullari to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib yozgan murojaati yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin tumanlararo sudiga ish haqini undirish yuzasidan ariza kiritildi.

Qo‘rg‘ontepa tuman adliya bo‘limi tomonidan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha razryadlarning noto‘g‘ri qo‘llanilgani sababli umumta’lim maktablarining kadrlar bo‘yicha inspektorlariga to‘lanmay qolgan 60,2 mln so‘m ish haqi mablag‘larini undirish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ariza kiritilishi ta’minlandi.

Xususan, Chirchiq shahar adliya bo‘limi tomonidan Chirchiq shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 36 nafar xodimining murojaatlari ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta ta’mirlanayotganligi sababli xodimlarning yozma roziligi olinmasdan ish haqi saqlanmagan holda ta’tilga chiqarib yuborilgan, ularning bekor turib qolgan vaqtdagi o‘rtacha oylik ish haqlari to‘lab berilmagan.

Mazkur holat yuzasidan, shahar adliya bo‘limi tomonidan xodimlar manfaatida FIB Chirchiq tumanlararo sudiga ariza kiritilib, 36 nafar xodimning to‘lanmay qolgan jami 261 mln so‘m o‘rtacha oylik ish haqlari undirib berildi.

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyatning chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning manfaatini ko‘zlab viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga taqdimnoma kiritilib, ularga o‘z vaqtida to‘lab berilmagan qonunchilikda belgilangan bir martalik boshlang‘ich yordam puli va ijarada turganlik uchun har oylik kompensatsiya pullari undirib berildi.

Olis hududlarda ishlovchi oliy ma’lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining to‘lanmasligi holatlari Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida ham aniqlangan bo‘lib, ushbu qonunchilik me’yorlarining buzulish holatlarini bartaraf etish uchun taqdimnomalar kiritildi.

Vazirlik tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim vazirigi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimi xodimlarining ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar va kompensatsiyalarning to‘lanib borishi holati ham o‘rganilmoqda.

Aksiya davomida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida quyidagilar aniqlandi:

  • ish haqining belgilangan muddatda to‘lanmasligi — 500 ta;
  • ustamalarning to‘lanmasligi — 1534 ta;
  • foydalanilmagan ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lab berilmasligi — 123 ta;
  • olis hududlarda ishlovchi oliy ma’lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining to‘lab berilmasligi — 264 ta;
  • birlamchi va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tilishi munosabati bilan xodimlarning xarajatlarini qaopab bermaslik — 49 211 ta;
  • majburiy mehnatga jalb qilish va boshqalar — 16 ta.

Jumladan, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi holati yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Natijada bir qator xodimlar tomonidan mehnat ta’tiliga chiqish bo‘yicha ariza berilganiga qaramasdan, xodimlarga yillik mehnat ta’tillari berilmagani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Yangiyer shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini hal etish bo‘yicha taklif kiritildi.

Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlarida foydalanilmagan ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lab berilmasligi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan.

Toshkent shahar adliya boshqarmasi Sergeli tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi ta’lim va sog‘liqni saqlash tashkilotlarida mehnat qonunchiligiga rioya etish holatlari o‘rganildi. Mehnat kodeksining 214-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilish majburiyatlarini bajarilmaslik holati yuzasidan tumandagi 22 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqdimnoma kiritildi. Shuningdek, aybdor mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Sergeli tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga taklif kiritildi.

Bundan tashqari, Andijon viloyati adliya boshqarmasi Asaka, Bo‘ston va Paxtaobod tuman adliya bo‘limlarining sa’y-harakatlari natijasida 393 nafar umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlandi.