Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 2020 yil iyun oyida karantin qoidalarini buzganligi uchun jarima to‘ladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Jarima 2020-yil 19-iyun kuni Dauning ko‘chasida bosh vazirning tug‘ilgan kuni sharafiga bo‘lib o‘tgan tadbir sababli chiqarildi. Jarima miqdori qancha bo‘lganligiga aniqlik kiritilmagan, deya yozmoqda RBK.

Boris Jonson Buyuk Britaniya tarixida qonunni buzganligi uchun jarimaga tortilgan amaldagi birinchi bosh vazirga aylandi.

Jonson ushbu bazmni o‘tkazganligi uchun kechirim so‘ragan. “Fuqarolarni himoya qilish uchun men tomonimdan boshqariladigan hukumatning kiritgan qoidalariga o‘zim rioya qilmaganligim uchun ko‘pchilikning norozilik tuyg‘ularini tushunib turibman”, — dedi u.

O‘sha kun haqida gapirar ekan, Jonson “bu qoidalarni buzishi hayoliga ham kelmaganligini” ta’kidladi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Dauning ko‘chasidagi “qisqa yig‘ilish” o‘n daqiqadan ko‘proqqa cho‘zilmagan. Shu bilan birga, politsiya ushbu tadbir koronavirusga qarshi qoidalarni buzganligini aniqlagan va Jonson “tergov natijalarini to‘liq hurmat qilishini” bildirgan.

Bosh vazirdan tashqari g‘aznachilik kansleri Rishi Sunak va bosh vazirning rafiqasiga ham karantin choralarini buzganligi uchun jarimaga tortildi. Bosh vazirning rafiqasi Kerri Jonsonning matbuot kotibi u politsiya xulosalarini qabul qilganini va “so‘zsiz kechirim so‘rashini” aytdi. Kansler Sunak qarorni hurmat qilib, jarimani to‘laganligini ma’lum qilgan.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Jonson bilan bog‘liq tadbirlarda karantin qoidalarining buzilganligi sababli jami 50 dan ortiq jarimalar yozilgan. Jumladan, shunday tadbirlardan biri, 2020 yil oxirida mamlakatda qat’iy karantin cheklovlari amal qilib turgan vaqtda bo‘lib o‘tgan Rojdestvo bazmi Buyuk Britaniya jamoatchiligi orasida katta noroziliklarga sabab bo‘ldi. Unda Bosh vazir kanuyelyariyasi xodimlari ishtirok etgan, Jonsonning o‘zi esa tadbirda qatnashmagan va bu bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishini bildirgan.

Britaniya jamoatchiligi, muxolifat partiyalar ushbu qoidabuzarlik ortidan kansler va bosh vazirni o‘z lavozimini tark etishga chaqirdi, biroq ular buni rad etishdi.