Qozog‘iston Mudofaa vazirligi 9-may — Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga erishilgan kunga bag‘ishlab harbiy parad o‘tkazmasligini ma’lum qildi.

“2022-yilda Qozog‘iston Respublikasida Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va 1941−1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushida g‘alaba qozonilgan kun munosabati bilan harbiy parad o‘tkazilishi rejalashtirilmagan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, mamlakatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va Qozog‘iston Qurolli kuchlarining faxriylarini e’zozlash bo‘yicha harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Respublika bo‘ylab jami 50 ga yaqin ana shunday tadbirlar bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 7-may davlat Qurolli kuchlarining tashkil topgan kuni sifatida nishonlanadi.

vlast.kz nashrining yozishicha, Qozog‘istonda 2019-yildan buyon 7-may sanasida harbiy parad, pandemiya boshlanganidan buyon esa 9-may bayrami o‘tkazilmagan. Ammo o‘tgan yili Berik Uali (o‘sha paytda prezident matbuot kotibi bo‘lgan) 9 may sanasini nishonlash 2022-yilga ko‘chirilganini aytgan.