Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
O‘zbekiston koinotni o‘rganishga qanday hissa qo‘shgan?
Insonning koinotga birinchi parvozi bundan 61 yil avval amalga oshirilgan. Kosmonavtika kuni munosabati bilan “Gazeta.uz”ning O‘zbekistonning koinotni o‘rganishga qo‘shgan hissasi haqidagi tahlilini eslaymiz. Yutuqlar qatoridan “TAPOiCh”da kosmonavtlarni sinovdan o‘tkazish uchun samolyotlar ishlab chiqarilgani, Toshkent muhandislik byurosida Oy tuprog‘ini Yerga olib tushgan qurilmaning yaratilgani, Oyni tadqiq qilish uchun Toshkentda ishlab chiqilgan asbob-uskunalar Nevich posyolkasida sinovdan o‘tkazilgani kabilar o‘rin olgan.

Maqola birinchi marta 2021-yilda rus tilida nashr etilgan.

Gazeta.uz” ayrim fotosuratlarni O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxividan olgan.

Zamonaviy kosmik sanoat iqtisodiy o‘sishning kuchli texnologik bazasiga aylandi. Bu eng yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tarmoqlardan biridir. Kosmik faoliyat ilmiy-texnikaviy salohiyatni, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishni taʼminlaydi, xavfsizlik va mudofaa, atrof-muhitni boshqarish, tabiiy va texnogen ofatlarning oldini olish kabi muammolarini hal qilishga yordam beradi.

Bugungi kunda barcha rivojlangan davlatlar o‘zlarining geosiyosiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun kosmik faoliyat muhimligini anglab yetdi.

SSSR parchalanishi bilan O‘zbekistonning aerokosmik sanoati deyarli rivojlanmadi, biroq mamlakatda koinotni o‘rganish borasida muhim bo‘lgan ishlanmalar mavjud.
Baʼzi rasmlar ustiga bosish mumkin. Tavsifni ko‘rish uchun rasm ustiga bosing.
Baykonur
1955-yilda dunyodagi eng birinchi va eng katta Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga asos solingan. Kosmodrom qurilishi uchun joy tanlashda hal qiluvchi shartlar obyekt hududidagi aholi siyrak yerlar, Moskva-Toshkent temir yo‘lining mavjudligi va Sirdaryoga yaqinligi bo‘ldi. Suv kosmodrom xodimlarining hayotini taʼminlash va uni qurish uchun zarur edi. U maxfiylashtirilgan edi.
Maxfiy hujjatlarda sinov maydoni NIIP-5 (SSSR Mudofaa vazirligining 5-sonli ilmiy tadqiqot sinov maydonchasi) deb nomlangan. Poligon tashkil etilgan paytdan to 1960-yillargacha maxfiy pochta manzili “Toshkent-90” bo‘lgan.

O‘zbekistondan Boyqo‘ng‘irga harbiy mutaxassislar, qurilish materiallari va oziq-ovqat jo‘natilgan.
реклама
реклама
Gagarin shahri
Kosmosga parvoz qilganidan keyin millionlar kumiriga aylangan Yuriy Gagarin do‘stlik va tinchlik missiyasi bilan xorij safarlariga chiqdi. 1961-yil 29-noyabrga o‘tar kechasi bortida birinchi kosmonavt bo‘lgan, Moskvadan Dehliga uchayotgan samolyot yoqilg‘i to‘ldirib olish uchun Toshkent aeroportida to‘xtadi. Buni «Правда Востока» gazetasi muxbiri Georgiy Dimovning qizi Irina eslaydi.

Kosmonavtning Toshkentda qisqa to‘xtashi haqida faqat yuqori rahbariyat bilgan bo‘lsa-da, jurnalist va uning qizi Gagarin bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Muxbirga uchrashuv haqida yozish taqiqlangan, ammo ertasi kuni ertalab intervyular va fotosuratlar nashr etilgan.
1961-yil dekabr oyida Toshkentda Yuriy Gagarinni rasmiy va tantanali qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Minglab odamlar birinchi kosmonavtni kutib olish uchun ko‘chalarga chiqishdi. Toshkentliklar aeroportdan shahar markazigacha bo‘lgan yo‘lni to‘ldirishdi. Gagarin korteji yurgan yo‘l gullarga to‘la edi.
1968-yil mart oyida fojiali o‘limidan oldin Gagarin O‘zbekistonga yana ko‘p marta kelgan. Kosmonavt vafotidan keyin SSSRdagi ko‘chalar, xiyobonlar, shuningdek, ikkita shahar uning nomi bilan ataldi: biri Rossiyaning Smolensk viloyatida, ikkinchisi Jizzax viloyatida.
Bizning Gagarin 1974-yilda shahar maqomini oldi (ilgari bu shahar tipidagi Yerjar posyolkasi edi). Bugungi kunda Gagarin shahri Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanining maʼmuriy markazi hisoblanadi.
Shaharning asosiy ko‘chasini toshkentlik haykaltarosh Leonid Ryabsev tomonidan o‘rnatilgan baland Gagarin haykali bezab turadi. Uning bronzadan tayyorlangan Gagarin asari shaharning muhim yodgorligiga aylangan. Yodgorlik poydevorida uchayotgan Ikar tasvirlangan barelyef o‘rnatilgan. Yana bir barelyefda birinchi kosmonavtni Yerga yaqin orbitaga olib chiqqan “Vostok” raketasi tasvirlangan.
Birinchi kosmonavt yurayotgan holda tasvirlangan. U chap oyog‘ini yuzadan ko‘tarib, postamentdan tushmoqchi bo‘lib turganga o‘xshaydi. Hamisha navqiron Gagarin kosmik kombinezonda, qo‘lida skafandr bilan Mirzacho‘l cho‘li bo‘ylab qadam tashlab, qozoq cho‘liga – kengliklaridagi Boyqo‘ng‘ir uchirish majmuasida kutayotgan raketasi sari borayotgandek.
TAPOiCh
2012-yilda faoliyatini to‘xtatgan Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi ham kosmik soha rivojiga katta hissa qo‘shgan.
1977-yildan 1987-yilgacha zavodda kosmonavtlarni vaznsizlik sharoitida sinab ko‘rish uchun bir nechta IL-76 MDK laboratoriya samolyotlari qurilgan. Samolyot kuchaytirilgan korpus va tortishish kuchi bo‘lmaganda majburiy ravishda ishlashga qodir yoqilg‘i va moy taʼminoti tizimlariga ega edi.

Ushbu samolyotlarda yuzdan ortiq sovet, rus va xorijiy kosmonavtlar tayyorlangan. Zavodga ko‘plab astronavtlar tashrif buyurishgan, ular samolyotlarni loyihalash va qurish bo‘yicha maslahat berishgan.
Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi
Fizika-matematika fanlari nomzodi, 1993-2002-yillarda Kosmik tadqiqotlar agentligiga rahbarlik qilgan Kamol Mo‘minov faxriylardan olgan maʼlumotlariga tayanib “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, 1960-yillarning ikkinchi yarmi boshida Toshkentda O‘zbekiston SSR rahbariyati tashabbusi bilan SSSRning yirik kosmik korxonalari rahbarlari va bosh konstruktorlarining yopiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Ushbu yig‘ilishda O‘zSSR hududida kosmik sanoat korxonalarini tashkil etish taklif etiladi. Sovet kosmonavtikasining asoschilaridan biri, akademik Vladimir Barmin o‘zi rahbarlik qilayotgan Moskva bosh mashinasozlik konstruktorlik byurosining Toshkentdagi filialini ochish imkoniyatlari haqida gapiradi.

1969-yilda FKBOM tuziladi (1978-yilda ToshKBM deb qayta nomlanadi). Byuro Oy va Venerani tadqiq qilish, kosmik mahsulotlarni (shu jumladan diametri 30 metrgacha bo‘lgan antennalarni) ishlab chiqish, tayyorlash, sinovdan o‘tkazish, to‘liq o‘lchamli standart namunalarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish uchun asboblar va jihozlarni ishlab chiqdi. Byuro oldiga oy bazalarini loyihalash, Oy tuprog‘i jinslaridan kislorod va suv olish uchun qulayliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.
Mutaxassislar oy tuproqlarini burg‘ulash va Yerga yetkazib berish uchun qurilmalarni yaratdilar. Toshkentda ishlab chiqilgan tuproq oluvchi qurilma “Luna-24” kosmik kemasiga o‘rnatildi. 1976-yilda u Oyda chuqurligi 2 metrdan ortiq quduq kavladi. Tuproq o‘rganish uchun Yerga jo‘natildi. Tahlillar natijasida birinchi marta Oyda suv borligiga ishonchli dalillar olindi.
ToshKBMda koinotda yangi kompozit materiallarni ishlab chiqarish uchun qurilmalar yaratish bilan ham shug‘ullanilgan. Toshkentda ishlab chiqarilgan maxsus eritish pechlari va noyob qurilmalar Sovet orbital stansiyalarida eritish va turli materiallardan namunalar olish bo‘yicha tajribalar uchun xizmat qildi.

Byuro mutaxassislari o‘ta yuqori harorat va kimyoviy agressiv atmosfera sharoitida ishlashga qodir burg‘ulash apparatini ishlab chiqdilar. Qurilma Venera-13 va Venera-14 sovet avtomatik kosmik stansiyalariga o‘rnatildi. 1982-yil mart oyida Veneraga yumshoq qo‘nish amalga oshirildi va uning fizik hamda kimyoviy xususiyatlarini o‘rganish uchun tuproqni burg‘ulash, yig‘ish va tashish bo‘yicha noyob tajribalar o‘tkazildi.
реклама
реклама
Vladimir Jonibekovning
koinotga parvozi
Toshkentda “Kosmonavtlar” metro bekati yaqinidagi maydonga kosmonavt Vladimir Jonibekovning byusti, stansiyaning o‘zida esa uning surati tushirilgan medalyon o‘rnatilgan.

Vladimir Jonibekov 1942-yilda Toshkentdan 50 km uzoqlikda joylashgan Iskandar qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘sha yillarda qishloq Qozog‘iston SSR tarkibida edi.

Jonibekov o‘zi amalga oshirgan beshta ekspeditsiyaning barchasida kema komandiri edi. Bu hozirgi kungacha yangilanmagan jahon rekordidir. U koinotga birinchi parvozini 1978-yilda amalga oshirgan.
To‘rtinchi parvoz paytida Jonibekov bilan birga koinotga chiqqan kosmonavt Svetlana Savitskaya ochiq koinotga chiqqan birinchi ayol bo‘ldi.

Beshinchi kosmik parvoz eng uzog‘i bo‘ldi – 112 kun davom etdi. Kosmonavtlar Vladimir Jonibekov va Viktor Savinix tarixda birinchi marta nazoratdan chiqib ketgan “Salyut-7” orbital stansiyasini boshqariladigan kosmik kemaga tutashtirishdi. Taʼmirlashdan keyin stansiya yana olti yil xizmat qildi.

Ekipaj oxirgi parvozda bortga paxta chigitini olib ketdi. Nol tortishish sharoitida o‘simliklarni yetishtirish imkoniyatini aniqlash va ularning xatti-harakatlarini o‘rganish kerak edi.
Birinchi tajribada urug‘lar unib chiqdi, lekin kerakli harorat sharoitlari yo‘qligi sababli nobud bo‘ldi. Ikkinchi tajribada koinotda bo‘lib qaytgan chigitlar yer yuzida issiqxona sharoitida ekilgan.

Keyingi kuzatuvlar hayratlanarli natijani ko‘rsatdi: vaznsiz sharoitda bo‘lgan o‘simliklarning tolasi bir xil sharoitda o‘stirilgan, lekin kosmosga yuborilmagan bir xil navnikiga qaraganda ikki baravar uzun (78 mm) edi.
SSSR Qahramoni sifatida Vladimir Jonibekov tirikligida uning haykali o‘rnatilishi sharafiga muyassar bo‘lgan. 1984-yilda Toshkent markazida haykaltarosh Yakov Shapiro tomonidan yaratilgan kosmonavt byusti o‘rnatildi.

«Sharaf Rashidovich menga qo‘ng‘iroq qildi va: “Mana, Jonibekov xotini bilan keldi. Sizdan, Yoqubjon (u meni shunday chaqirardi), u bilan uchrashishingizni so‘rayman, – deya aytib bergan edi Yakov Shapiro o‘limidan biroz oldin “Gazeta.uz” muxbiriga. – Oqil Umurzakovich (Oqil Salimov — O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi) sizni u bilan tanishtiradi. Keyin esa Jonibekov bilan ustaxonangizda uchrashamiz».

«Men kosmonavtlarni jasoratlari uchun qadrlayman va yaxshi ko‘raman, — dez davom etgandi Yakov Shapiro. — Ular o‘limga tik borishadi. Bu yerga ko‘plab kosmonavtlar kelib, ustaxonamga tashrif buyurishdi. Bu yerda Krikalyov turgandi, Grechko boriydi, Leonov. Volodya Jonibekov esa shu yerda... uning apartamenti ana u yerda, shu ustaxonada. U bilan bog‘liq barcha parvozlar, hamma narsa shu yerda muhokama qilingandi. Sharof Rashidovich esa mana bu yerda edi».

Sovet kosmonavtlari nomi bilan atalgan Toshkentning yangi maydonidagi Vladimir Jonibekov byusti, 1984-yil 3-mart
Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi
Vladimir Jonibekov byustidan tashqari Yakov Shapiro yulduzlar mavzusida kompozitsiya ham yaratdi. U kosmonavt ortiga o‘rnatilgan. Rassom Ikar, Ulug‘bek, Siolkovskiy, Korolyov, Gagarin va go‘dakni quchog‘ida ushlab turgan ona-Yer siymolarini haykaltaroshlik qildi.

«Har bir ayol o‘z kosmonavtini tug‘ishi va tarbiyalashi kerak», – derdi 2021-yil aprel oyi boshida vafot etgan haykaltarosh.
“Kompozit” zavodi
1981-yilda Chirchiqda ToshKBM filiali – “Kompozit” tajriba-sinov zavodi tashkil etildi. U kompozit materiallardan kosmik tuzilmalar uchun noyob qismlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarardi. Zavod kompozitsion shishaplastik va ugleplastik hamda ulardan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqardi. Ugleplastiklar – yengil, ammo po‘lat kabi kuchli material bo‘lib, aerokosmik, harbiy va avtomobil sanoatida keng qo‘llaniladi. Hozirgi kunda esa ulardan maishiy hayotda keng qo‘llanilmoqda.

Quyidagi fotosuratda zavod, uning ustaxonalari, baʼzi mahsulotlar va baʼzi xodimlar aks etgan.
Zavod jihozlarida, shuningdek, Glonass kosmik kemasining quyosh batareyalari konstruksiyasida qo‘llaniladigan ugleplastik sterjenlarning bir nechta partiyalari, karkaslar, “Radioastron” dasturi bo‘yicha 15-30 metrli o‘zgaruvchan koinotga oid parabolik antennalar, “Kosmos” va “Prognoz” seriyasidagi sunʼiy yo‘ldoshlar uchun quyosh panellari ishlab chiqarildi.
Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti
1988-yilda Moskva kosmik markazlaridan birining filiali sifatida Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti (TashNIIKP) tashkil etildi. Ilmiy-tadqiqot institutiga 1989-yildan SSSR tarqalguncha rahbarlik qilgan Kamol Mo‘minovning aytishicha, SSSR parchalanishidan oldin institut harbiy koinot yo‘nalishi bilan shug‘ullangan.

Ilmiy-tadqiqot institutining yana bir yo‘nalishi tabiiy resurslarni aniqlash hamda xo‘jalik va ekologik faoliyatni tahlil qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston hududining sunʼiy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash edi.

U, shuningdek, maxfiy ravishda harbiy sunʼiy yo‘ldoshlar uchun avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminot va apparat tizimlarini hamda boshqariladigan kosmik kemalar va stansiyalar ekipajlari uchun sunʼiy intellektga asoslangan qarorlarni qabul qilish tizimlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.

Ilmiy tadqiqot instituti qishloq xo‘jaligi, qurilish, kartografiya, geologiya, geofizika, suv va mineral resurslar sohalarida qimmatli natijalarga erishdi. Institutda Yerni masofadan turib zondlash sohasida 50 dan ortiq mutaxassislar tayyorlandi.
Nevich yig‘ilish-sinov majmuasi
1980-yillarning boshlarida Toshkent viloyatining Parkent tumanida sovetlarning Oy dasturi hamda “Energiya” — “Buran” dasturlari uchun TashKBMning “Nevich” yig‘ilish-sinov poligoni qurildi.

U yerda ko‘p sonli stendlar va mexanik korpuslar, radiotelemetrik va boshqa o‘lchash uskunalari, yig‘ish sexlari va ustaxonalari bo‘lgan noyob eksperimental inshootlar yaratildi va sinovdan o‘tkazildi. Poligon 80-yillarning oxiriga kelib to‘liq jihozlandi va foydalanishga tayyorlandi, zarur ijtimoiy infratuzilma yaratildi.
Poligonda ToshKBMning tajriba ishlanmalari – kosmosga joylashtirilishi kerak bo‘lgan katta o‘lchamli o‘zgartiriladigan antennalar, kosmosda yoyiladigan quyosh plyonkasi maydonlari va boshqa mahsulotlar sinovdan o‘tkazilishi kerak edi.
Nevichda 80 metrli metall minora – ASS (avtonom sinov stendi) o‘rnatilgan edi. Uning yordami bilan qattiq yoqilg‘i tezlatgichlari bo‘lgan penetrator-namuna oluvchilar sinovdan o‘tkazildi, ular tuproqqa kirg‘izilgan va chuqurroqqa kirib borib, probirkaga tuproq namunasi to‘ldirilgan.
Hozirgi vaqtda “Nevich” poligoni faoliyat ko‘rsatayotgani yo‘q. Binoning mahobatli o‘lchamlari sayyohlarni hayratga soladi. Poligon qo‘riqlash xizmati odamlarni ichkariga kiritmaydi. Bir necha yil oldin, ASS minorasi demontaj qilindi, garchi u mashg‘ulot maydonchasining diqqatga sazovor joyi bo‘lgan, ko‘plab ekstremal sportchilarni jalb qilgan va minglab sayyohlarni jalb qilishi mumkin bo‘lsa ham.
реклама
реклама
“Suffa” rasadxonasi va radioteleskopi
1982-yilda O‘zbekistonda, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Suffa platosida radioastronomiya rasadxonasi qurilishi boshlandi. Uning asosiy obyekti 70 metrli radioteleskop bo‘lib, u millimetr diapazonidagi kosmik nurlanishni ham aniqlay oladigan noyob uskunadir. Shunga o‘xshash vosita faqat San-Diyegoda (AQSH) mavjud.

Radioteleskop qurilishi bilan bir vaqtda Samarqandda SSSR FA Koinot tadqiqotlari institutining ilmiy bo‘limi ochildi. Kamol Mo‘minov bo‘lim boshlig‘i etib tayinlandi. SSSR parchalanganidan keyin radioteleskop qurilishi to‘xtatildi. Bugungi kunda qurilish 35-40 foiz atrofida tayyor bo‘lib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida RT – 70 qurilishini yakunlashni davom ettirish bo‘yicha muzokaralar boshlangan.
Rasadxona koinotda ilmiy tadqiqotlar olib borish va bu boradagi xalqaro dasturlarda hamkorlik qilish uchun qurilgan. SSSR parchalanishi tufayli qurilish muzlatib qo‘yilgan, ammo 2018-yilda u qayta tiklangan va 2024-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
“Fizika-Quyosh” IICHB
Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” IICHBni ham alohida taʼkidlash joiz. Ulkan quyosh pechida sovetlarning ko‘p foydalaniladigan “Buran” orbital kemasining himoya qoplamasiga yuqori haroratga taʼsir ko‘rsatilgan.
Solijon Sharipov
Rossiyalik kosmonavt Solijon Shokirovich Sharipov 1964-yilda O‘sh viloyatida (Qirg‘iziston) ko‘p bolali o‘zbek oilasida tug‘ilgan.

U ikki marta, umumiy hisobda esa 10 soat davomida ochiq koinotda bo‘lgan.

Sharipov Xyustonda Amerika shattlida birinchi parvoziga tayyorgarlik ko‘rayotganda, orbitada palovni sinab ko‘rishni taklif qildi. Parhezshunos-shifokorlar va oshpazlar O‘zgan guruchidan palov tayyorladilar, kosmonavtlar kosmosdagi kechki ovqatlardan birida uni isitib, isteʼmol qilishdi. O‘shandan beri o‘zbek palovi kosmonavtlar ratsionida paydo bo‘ldi.
Solijon Sharipov “Indevor” kosmik kemasida. Foto: mytashkent.uz
1998-yilda Solijon Sharipov O‘zbekiston bayrog‘ini koinotga olib chiqdi. Toshkent markaziy univermagidan xarid qilingan va orbitada bo‘lgan bayroq Yerga qaytib kelgach, koinotda bo‘lganligi to‘g‘risidagi sertifikat bilan birga respublika rahbariyatiga topshirildi.
Mustaqillik yillarida
kosmik sanoat
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida “O‘zbekkosmos” agentligi tashkil etildi. Kamol Mo‘minov agentlik faoliyatining 10 yilida mamlakatda kosmik sohani rivojlantirishga doir meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilganini taʼkidlaydi. Xorijiy davlatlarning milliy kosmik tashkilotlari, xususan, BMTning Kosmik Fazo bo‘yicha boshqarmasi (UNOOSA) bilan aloqalar o‘rnatilgan.

2002-yilda “O‘zbekkosmos” tugatildi. Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar markazi tashkil etilib, unga ikkita korxona biriktirildi, qolganlari esa turli vazirlik va idoralarga o‘tkazildi.

2019-yil avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan «O‘zbekistonda kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra “O‘zbekkosmos” agentligi qayta tashkil etildi. Agentlikning vazifalari qatorida Yerni masofadan turib zondlash tizimini ishlab chiqish, sunʼiy yo‘ldosh aloqa tarmog‘ini yaratish, sunʼiy yo‘ldosh navigatsiya tizimlaridan foydalanish va boshqalar bor.

Bu vazifalarning amalga oshirilishi zamonaviy ish o‘rinlarini yaratish, ilm-fanni rivojlantirish, texnologik mustaqillikni, mamlakatning kosmik tadqiqotlar sohasida axborot xavfsizligini taʼminlash va O‘zbekistonning xalqaro nufuzi darajasini oshirish imkonini beradi.
Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz?
O‘z hikoyangizni info@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. www.gazeta.uz saytida eʼlon qilingan, “Gazeta.uz” yoki uchinchi shaxslarga tegishli bo‘lgan grafik va boshqa materiallardan har qanday maqsadda foydalanish taqiqlanadi.

“Gazeta.uz” uchun maqolalar yozishni istaysizmi?
Rezyumeingizni job@gazeta.uz manziliga jo‘nating

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting