Vengriyaning OTP Bank O‘zbekistonga «Ipoteka-bank»ning 75 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha bitimni 2−3 oyga kechiktirish iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda Bloomberg agentligiga OTP Bank Group direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Shandor Chani ma’lum qildi.

U ilk bor sentabr oyida e’lon qilingan kelishuvning kechikishiga Ukrainadagi urush bois vujudga kelgan noaniqlikni sabab qilib ko‘rsatdi.

«Ukrainada urush boshlanganda xarid imzolashga tayyor edi», — dedi Shandor Chani. Shu munosabat bilan u kelishuvni vaziyatga oydinlik kiritilgunicha qoldirishni so‘ragan.

Vengriyaning «OTP Bank"i O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi 2020 yilning iyulidayoq ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyartoning Toshkentga tashrifi chog‘ida so‘z ochilgan edi. Joriy yilning fevralida «OTP Bank» O‘zbekistondagi banklardan birini xususiylashtirish jarayonida qatnashishi xabar qilingan edi.

2019 yilning iyun oyida «Ipoteka-bank»ning ustav kapitalidagi davlat ulushi 2022 yilning yakuniga qadar 50 foizdan kamroq bo‘lishi kutilayotgani ta’kidlangandi. Bank Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirilishi va transformatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.

OTP Group («Gruppa OTP», BSE: OTP, LSE: OTPD) — moliya, sug‘urta, investitsiya va bank biznesi bilan shug‘ullanuvchi bank guruhi — aktivlar va lizingni boshqarishdan tortib, pensiyalarni moliyalashtirishgacha bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi.