Toshkent shahri Yakkasaroy tumani joylashgan Do‘stlik (sobiq Bobur) bog‘ida «Anjir» jonli musiqa va shahar madaniyati festivali o‘tkaziladi. U 16−17 aprel kunlari open air formatida bo‘lib o‘tadi.

Festival dasturidan she’riyat tadbirlari, yoga bo‘yicha master-klasslar, vinil plastinkalari yarmarkasi, landshaft dizayni va san’at buyumlari ko‘rgazmasi o‘rin olgan. Xendmeyd-masterlar va mahalliy brendlar «Teplo» (Iliq) handmade mahsulotlari an’anaviy yarmarkasida ishtirok etadi.

Parkdagi ijodiy tadbirlar ikki kun davomida soat 16: 00 dan 20: 00 gacha bo‘lib o‘tadi.


Festivalning asosiy sahnasida k-pop raqs jamoalari va toshkentlik musiqachilar Jasur Mirsagatov va Sulton guruhi, «Elektrooko», «Krыlya Origami», Silence, «Derevyannыy Slon» va Rishat o‘z ijrosi bilan qatnashadi. Ularni bog‘ chimlariga qulay o‘rnashib olgan holda tinglash mumkin bo‘ladi.

Festivalni o‘tkazish g‘oyasi musiqachi, prodyuser va jurnalist Nikita Makarenkoga tegishli. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Anjir» — notijoriy loyiha bo‘lib, shaharliklar tomonidan shaharliklar uchun yaratilmoqda.

Parkga, shuningdek, barcha tadbirlar va konsert maydoniga kirish — bepul.

Festival xarajatlarini bosh homiylar — KORYOIN O‘zbekiston koreyalik ishbilarmonlar klubi va Euroroads kompaniyalar guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Festivalni shuningdek, Italpanelli va Art 4 life kompaniyalari qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ovoz moslamalariga IOSIS SHOW javobgar, chiroq uskunalari va ekranlarni esa Ahad Mix kompaniyasi taqdim etadi.

«Anjir» festivali prodyuserlari — Nikita Makarenko, Ashot Daniyelyan va Iroda Yusupova hisoblanadi.

«Anjir» festivali dasturi (asosiy sahna)

Shanba, 16 aprel

16:00−17:00 She’riyat tadbiri

17:00−18:00 «Derevyannыy Slon» (rock) guruhi chiqishi

18:00−9:00 RISHAT (r'n'b, pop)

19:00−20:00 Jasur Mirsagatov va Sultan (pop) guruhi

20:00−21:30 ELEKTROOKO (electro-pop/rock) guruhi

Yakshanba, 17 aprel

17:00−18:00 She’riyat tadbiri

18:00−19:00 k-pop raqs jamoalari chiqishlari

19:00−20:00 Silence guruhi (pop-rock)

20:00−21:30 «Krыlya Origami» guruhi (indie-rock)