Prezidentning 11 apreldagi «Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli me’yoriy hujjatlarga xususiy tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablarini soddalashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish topshirig‘i berildi.

Yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, BHMning 5 baravari miqdorida undiriladi.

O‘zbekistonga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan, diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari o‘tkazish va ma’ruzalar o‘qish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi.

O‘zbekiston hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi.

Davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Bunda, davolash muassasalari tomonidan tashrif buyuruvchilarni hisobga olish avtomatlashtirilgan maxsus dastur orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

Farmon bilan SSVning tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari ham ma’qullandi:

  • nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;
  • malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun — 5 yil, oliy toifa uchun — 7 yil etib belgilash.

Prezidentning 2017 yil 1 apreldagi [PQ-2863-son] qarorida nazarda tutilgan, yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

Tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga asosan, 2025 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston hududiga olib kirishda QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.