Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Taqdimot davomida mamlakat aeroportlarini 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish muhokama qilindi, dasturning birinchi bosqichi 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan.

Shu jumladan, davlat xususiy sheriklik asosida Buxoro aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Bunda xususiy hamkor tender orqali aniqlanadi. Hozirgi vaqtda xususiy sherikni tanlash uchun tanlov hujjatlari ishlab chiqilmoqda.


Jami investitsiyalar hajmi 136 mln dollarga baholanmoqda, shundan:

  • 66,7 mln dollar — O‘zbekiston ayeroportlari va NBU kreditlari hisobiga quriladigan xususiylashtirilmaydigan mulkiy majmua;
  • 69,3 mln dollar — xususiy investitsiyalar hisobiga quriladigan mulk majmualari.

Loyihani 2022−2024 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Samarqandda ochiq kitob ko‘rinishidagi zamonaviy aeroport majmuasi ochilgandi. U soatiga 800 kishiga xizmat ko‘rsatish va haftasiga 120 reyslarni qabul qilish salohiyatiga ega. Boshqa aeroportlardan farqli ravishda, terminalga avtomobilda kelish mumkin, bino esa to‘siqlar bilan o‘ralmagan.

Loyiha Air Marakanda kompaniyasi bilan DXSH asosida amalga oshirilgan.

2021 yilning aprel oyi oxirida transport vaziri Ilhom Mahkamov Samarqand aeroporti boshqaruvini berishda nima sababdan tender o‘tkazilmaganini tushuntirar ekan, havo portini Air Marakanda boshqaruviga o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar uzoq vaqtdan beri olib borilayotganini ta’kidlagandi. «Va yana tenderga qaytish — bu yana vaqt sarfi demakdir», — dedi u.