Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Taqdimot davomida mamlakat aeroportlarini 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish muhokama qilindi, dasturning birinchi bosqichi 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan.

«O‘zbekiston24» telekanali reportajiga ko‘ra, strategiya aeroportlarni, mintaqaviy iqtisodiyotni va havo transporti qatnovi prognozini batafsil o‘rganishga asoslangan.

Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini — xalqaro xab, Navoiy aeroportini — yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini — turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Barcha aeroportlar aerodrom, terminal, yuk va yoqilg‘i quyish majmualaridan iborat.

«Jahon amaliyotiga muvofiq va xavfsizlik talablari bilan bog‘liq holda — aeroport majmuasi ustidan nazoratni saqlash kerak», — deyiladi taqdimotda.

Bundan tashqari, taqdimotda Farg‘ona vodiysi uchun yagona aeroport, yangi Urganch aeroporti, Buxoro aeroportidagi yangi terminal va Toshkent aeroportining yangi fasadining konseptual ko‘rinishi namoyish etildi.



Buxoro aeroportining yangi terminali.


Urganch yangi aeroporti.

Farg‘ona vodiysi uchun yangi yagona aeroport.

Yig‘ilishda «Toshkent-Sharqiy» aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi. Uning ochilishi 2020 yilga mo‘ljallangan edi, biroq, qurilish ishlari hanuz davom ettirilmoqda.