Prokuratura idoralari sport sohasiga yo‘naltirilgan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini tizimli ravishda o‘rganish olib bormoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Shunday o‘rganishlardan birida Farg‘ona viloyati Olimpiya zaxiralari kolleji bosh hisobchisi egallab turgan lavozimidan foydalanib, 2019−2021 yillar davomida o‘ziga asossiz ravishda jami 4 mlrd so‘m ish haqi va ustama yozib olganligi aniqlangan.

Shuningdek, u kollej o‘qituvilari nomiga bank plastik kartalari ochib, ularga 310 mln so‘m budjet mablag‘larini o‘qituvchilarga bildirmasdan o‘tkazib olgan.

Bosh hisobchi talon-taroj qilgan jami 4,3 mlrd so‘m mablag‘larni internet tarmog‘i orqali qimor o‘yinlariga tikib, sarf qilganligi aniqlangan, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Holat yuzasidan bosh hisobchi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209 (mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov davom etmoqda.