Prezident 11 aprel kuni “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Ushbu qaror Shavkat Mirziyoyevning 1 apreldagi yig‘ilishda bergan topshiriqlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, sport musobaqalari orqali joriy yil yakuniga qadar 6 mln nafar yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan.

2022 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda 30 iyun — O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabr oyida o‘tkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.

  • Birinchi bosqichda — ko‘chalararo mahalla musobaqalari;
  • Ikkinchi bosqichda — mahallalararo sektor musobaqalari;
  • Uchinchi bosqichda — sektor musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari;
  • To‘rtinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari g‘olib mahalla jamoalari o‘rtasida viloyat musobaqalari;
  • Beshinchi bosqichda — viloyat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida respublika (final) musobaqalari.

Bunda, mazkur ommaviy sport musobaqalari mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik, madaniyat va san’at, intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari bo‘yicha tashkil etilayotgan besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy qilinadi:

  • birinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari;
  • ikkinchi bosqichda — viloyat musobaqalari;
  • uchinchi bosqichda — respublika (final) musobaqalari.

Sportni rivojlantirish vazirligi olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazish dasturining ishlab chiqilishi, sport musobaqalari o‘tkaziladigan sport obyektlari infratuzilmasining yaxshilanishi va zarur sport inventarlari bilan jihozlanishi, sport musobaqalarining yuqori darajada tashkil etilishi hamda g‘olib va sovrindorlarning munosib rag‘batlantirilishini ta’minlaydi.

Mahalla bosqichidan viloyat bosqichiga qadar o‘tkazilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni 1, 2 va 3-darajali diplom, medal, kubok, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Hududlarda tashkil etiladigan boshqa sport musobaqalari tuman (shahar) va viloyat bosqichi g‘oliblari uchun hokim sovrini ta’sis etiladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish:

  • mahalla bosqichida — Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi;
  • sektor bosqichida — sektor rahbarlari;
  • tuman (shahar) bosqichida — tuman (shahar) hokimlari;
  • viloyat bosqichida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;
  • respublika (final) bosqichida — Sportni rivojlantirish vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, musobaqalarning har bir bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlar ushbu kichik bandga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rag‘batlantiriladi;

Olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish:

  • tuman bosqichida — tuman (shahar) hokimlari, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligining tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari;
  • viloyat bosqichida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi hududiy bo‘linmalarining rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari;
  • respublika (final) bosqichida — Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, musobaqalarning har bir bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlar ushbu kichik bandga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rag‘batlantiriladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tizimli tashkil etish va o‘tkazish uchun Sportni rivojlantirish vazirligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 2022 yildan boshlab har yili 50 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar ajratiladi.

Xalq ta’limi vazirligi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari hamda taniqli va faxriy sportchilar tomonidan kamida 1 ta sport turi bo‘yicha to‘garaklar faoliyatini tashkil etadi.

2022 yil 1 mayga qadar talabalar sportini yanada rivojlantirish uchun OTMlarda tashkil etilgan sport klublari o‘rtasida musobaqalarni o‘tkaziladi.

Ikki oy muddatda OTmlarda sport turlariga ixtisoslashtirish ro‘yxatini talabalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi.