Pokiston parlamenti 11 aprel kuni Shahboz Sharifni mamlakatning yangi bosh vaziri etib sayladi, deb xabar bermoqda Pakistan Today. Saylov 9 aprel kuni parlament tomonidan bosh vazir Imron Xonga ishonchsizlik votumi e’lon qilinib, lavozimidan chetlatilishi ortidan bo‘lib o‘tdi.

69 yoshli Shahboz Sharif avvalroq uning akasi Navoz Sharif boshqargan «Pokiston musulmon ligasi» partiyasi yetakchisi hisoblanadi. Endi u 2023 yil avgustida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi parlament saylovlariga qadar faoliyat yuritadigan Pokistonning yangi hukumatini tuzadi.

Shahboz Sharif 1990-yillarda Panjob viloyati majlisiga saylangan va 1999 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin Saudiya Arabistonida yashagan. 2000−2010 yillarda uch marta Panjob gubernatori etib tayinlangan. Navoz Sharif 1990−1993, 1997−1999 va 2013−2017-yillarda uch marta Pokiston bosh vaziri bo‘lgan.

3 aprel kuni parlamentdagi Shahboz Sharif partiyasi va Imron Xonning «Tahrik-i-Insaf» partiyasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik Imron Xon tavsiyasiga ko‘ra Pokiston prezidenti Orif Alvi tomonidan Milliy assambleyaning (parlament quyi palatasi) tarqatib yuborilishi bilan yakunlangan edi.

Bu bosh vazirga ishonchsizlik votumi bloklanganidan keyin yuz berdi. Muxolifat bosh vazirni zaif iqtisodiy siyosat va korrupsiyada aybladi. Imron Xonning o‘zi muvaqqat bosh vazir tayinlangunga qadar hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi maqomga o‘tdi.

9 aprel kuni esa mamlakat parlamenti 174 ovoz bilan 2018 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelayotgan Imron Xonga ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun ovoz berdi.