8 aprel kuni Ukrainaning Zakarpatska viloyati harbiy ma’muriyatining Yevropa gumanitar xablarining biriga O‘zbekistondan 34 tonnadan ortiq gumanitar yordam yetib kelgan. Bu haqda Zakarpatska viloyat rahbari Viktor Mikita ma’lum qildi.


Foto: Zakarpatska viloyati harbiy ma’muriyati matbuot xizmati.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan dori-darmon, individual dori qutilari, uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, jami 400 ming donadan ortiq bo‘lgan 21 ta pozitsiyadagi mahsulot yetib kelgan.

«Yuk samolyotda yetib keldi, keyin esa Zakarpatskaga yetkazildi. Bu biz qisqa vaqt ichida harbiy holat sharoitida yo‘lga qo‘ygan logistika samaradorligini yana bir bor isbotlaydi. Gumanitar yordam zudlik bilan zarur nuqtalarga jo‘natiladi», — deya ta’kidlagan viloyat rahbari.

Viktor Mikita O‘zbekiston hukumatiga ko‘rsatgan yordami va Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenkoga muvofiqlashtirish va samarali gumanitar yo‘lak uchun minnatdorchilik bildirgan. «Ishonchim komilki, bu aloqalar bizga yanada samarali hamkorlik qilish imkonini beradi», — degan Zakarpatska rahbari.

O‘zbekistondan Ukrainaga yuborilgan gumanitar yordam haqidagi ma’lumot hali ham Vazirlar Mahkamasining yoki Tashqi ishlar vazirligining veb-sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlarida yoritilmadi.

Avvalroq Ukrainaning Toshkentdagi elchisi O‘zbekistonga 28 tonna insonparvarlik yordami jo‘natgani uchun minnatdorchilik bildirgan edi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida «biz Ukrainaga gumanitar yordam berishda davom etamiz», degan edi. Shuningdek vazir, «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — degan edi.