Farg‘ona vodiysida hududdagi har uchala viloyat uchun yagona bo‘lgan xalqaro aeroport qurilishi mumkin. Bu haqda 11 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatilgan transport sohasidagi loyihalar taqdimotida so‘z bordi.

Ma’lumki, Farg‘ona vodiysidagi uchta — Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda, deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Mamlakat aeroportlarini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasida 2026 yilgacha aeroportlarni ixtisoslashtirishni amalga oshirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini soatiga 2400 nafarga oshirish, ro‘yxatdan o‘tish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yo‘laklarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, «Toshkent-Sharqiy» aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi. Uning ochilishi 2020 yilga mo‘ljallangan edi, biroq qurilish ishlari davom etmoqda.

2021 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat aeroportlari orqali 5,4 mln yo‘lovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

2020 yil avgustidan O‘zbekistonning barcha hududiy aeroportlari, jumladan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi aeroportlarda «beshinchi havo erkinligi» huquqini qo‘llagan holda «Ochiq osmon» rejimi joriy etilgan edi