1 maydan boshlab «O‘zbekbaliqsanoat», «O‘zbekipaksanoat», «O‘zcharmsanoat» va boshqa uyushmalar tomonidan qo‘llab kelinayotgan bir qator soliq va bojxona imtiyozlari mazkur tarmoqlardagi barcha ishlab chiqaruvchilarga tadbiq etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 8 apreldagi [101-son] farmonida nazarda tutilgan.

Uyushmalar va ularga berilgan imtiyozlar ro‘yxati:

  • 2017 yildan boshlab «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar hamda ipak qurti urug‘ini ishlab chiqarish, pillani tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlarga 2023 yil 1 yanvariga qadar olib kelinadigan pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilingan;
  • 2018 yildan boshlab «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar 2023 yil 1 yanvariga qadar tayyor ipak mahsuloti ishlab chiqarishda foydalaniladigan ximikatlar, sintetik tolalar, bo‘yoqlar, furnitura va aksessuar buyumlari hamda boshqa yordamchi materiallar boj to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxonada rasmiylashtiruv yig‘imlari bundan mustasno) va tutzorlar bilan band bo‘lgan yer maydonlari qismida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilingan;
  • 2018 yildan boshlab «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar 2023 yil 1 yanvarga qadar mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etilib, bo‘shaydigan mablag‘lar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yo‘naltirilishi belgilangan;
  • 2017 yildan boshlab «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi, hududiy «Baliqsanoat» MCHJlari va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar 2023 yil 1 yanvargacha lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliqchilik mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlari bo‘yicha yagona soliq to‘lashdan ozod etilgan;
  • 2017 yildan boshlab «O‘zcharmsanoat» uyushmasining charm, mo‘yna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlariga 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatda foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilingan;
  • 2019 yildan boshlab Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi a’zolari 2024 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, yagona soliq to‘lovi, yagona yer solig‘i va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etilgan.