O‘zbekistonda ipoteka dasturlari va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari yil oxirigacha o‘zgarishsiz qoladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 8 aprel kuni imzolangan «Markazlashgan manbalar hisobidan ipoteka va ta’lim kreditlari uchun ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha foiz stavkalarini belgilash to‘g‘risida»gi qarorda ma’lum qilindi.

Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka va ta’lim krediti uchun ajratiladigan resurs mablag‘lari bo‘yicha amaldagi foiz stavkalar 2022 yil yakuniga qadar saqlanib qoladi. Xususan, amaldagi stavkalar ipoteka krediti uchun — 13 foiz, ta’lim krediti uchun — 10 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, banklar ta’lim maqsadlarida qarz oluvchiga 14 foiz stavkada kredit ajratadilar.

Hujjatda, shuningdek, Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizdan pasaytirgan taqdirda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlarni mutanosib ravishda kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Mart oyida Markaziy bank asosiy stavkani 17 foizga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng, yangi ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari va kredit resurslari narxi oshishi kerak edi. Biroq prezident amaldagi stavkalarni yil oxirigacha saqlab qolish yuzasidan topshiriq berdi.

Yaqinda Markaziy bank jismoniy shaxslar uchun tijorat banklari xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida www.bankxizmatlari.uz axborot portalini ishga tushirdi. Portalda foydalanuvchilar uchun kreditlar, omonatlar, valyuta ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari va boshqa bank xizmatlari haqida batafsil ma’lumot olish, ularni o‘zaro taqqoslash hamda dastlabki hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.