6 aprel kuni Tinkoff Global (Singapur) CloudPayments savdo belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirdi. Bu haqda Adliya vazirligining Intellektual mulk agentligi bazasida ma’lumotlar paydo bo‘ldi, deb xabar berdi Spot.

Ariza beruvchining faoliyat toifalari:

  • kassa apparatlari, elektron hamyonlar;
  • hisob-fakturani rasmiylashtirish, to‘lov hujjatlari, hisobotlar tayyorlash;
  • moliyaviy xizmatlar, bank kartalari xizmatlari, elektron hisob-kitoblar tizimida pul mablag‘larini o‘tkazish, elektron hamyonlar orqali to‘lov xizmatlari;
  • elektron tijorat sohasidagi tranzaksiyalar uchun foydalanuvchi autentifikatsiya xizmatlari.

Nashrning taxminiga ko‘ra, gap 2014 yilda yaratilgan CloudPayments Internet-ekvayring xizmati haqida ketmoqda. U onlayn-do‘konlar uchun onlayn to‘lovlarni qabul qilishni, bank kartalari orqali to‘lashni ta’minlaydi.

Shuningdek, onlayn to‘lovlarni kartalardan veb-saytlar va ilovalarga ulash, havola yoki QR-kodlar orqali to‘lovni amalga oshirish imkonini beradi.

2017 yilda TCS Group Holding (uning tarkibiga Tinkoff Bank va Tinkoff Global kiradi) CloudPayments`ning 55% ulushini 290 mln rublga (o‘sha yili taxminan 5 mln dollar) sotib oldi.

2019 yil may oyida servis asoschilari Dmitriy Spiridonov va Konstantin Yan yana 35 foizni Tinkoff`ga sotishdi. Keyinchalik Yan qolgan 5% ni kompaniyaga o‘tkazdi va Spiridonov Tinkoff boshqaruvi raisining o‘rinbosari bo‘ldi.

CloudPayments xizmati 2014 yilda tashkil etilgan. 2016 yilda loyiha Qozog‘iston bozoriga chiqdi va u yerda mahalliy tadbirkordan 3,4 mln dollar yig‘a oldi.


Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonda 2 mart kuni ustav kapitali 10,85 mln so‘m bo‘lgan «CloudPayments» MCHJni ochgan. Asosiy faoliyat — ma’lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash xizmatlari.

Rahbari — Rustam Karimov, ta’sischisi — «Klaudpayments» MCHJ. Mazkur ma’lumotni kompaniyaning o‘zi tasdiqladi.

«Ha, yaqin kelajakda biz O‘zbekiston Respublikasiga Tinkoff guruhining to‘lov yechimlari bilan kirishni rejalashtirmoqdamiz. Hozirda ushbu ishlanma doirasida guruhning to‘lov xizmatlari savdo belgilari ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda», — dedi «Gazeta.uz» so‘roviga CloudPayments matbuot xizmati.

«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, xizmat vakillari hozirdanoq mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, ularga internet ekvayring xizmatlarini taklif qilmoqda.