Pokiston parlamenti bosh vazir Imron Xonni ishonchsizlik votumi bilan muddatidan oldin lavozimidan chetlashtirdi, deya xabar qildi BBC News. Xabarda aytilishicha, parlament a’zolarining 174 nafari hukumat rahbariga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish tashabbusini yoqlab ovoz bergan.

BBC`ga ko‘ra, bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilish taklifi dastlab muxolifat partiya tomonidan o‘tgan haftada ilgari surilgan. Biroq Imron Xon mazkur tashabbus bilan bog‘liq jarayonni to‘xtatib qo‘ygan va parlamentni tarqatib yuborgan edi.

9 aprel kuni Imron Xonning yuqoridagi xatti-harakatlari konstitutsiyaga zid deb baholanganligi to‘g‘risida mamlakat Oliy sudining qarori e’lon qilingach, bosh vazir parlamentda ishonchsizlik votumi bilan iste’foga chiqarildi.

Nashrning yozishicha, Imron Xon o‘z tarafdorlarini 10 aprel — yakshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirgan. Norozilik namoyishlari ommaviy xarakterga ega bo‘lgan taqdirda, u mazkur namoyishlar vositasida parlamentga bosim o‘tkazib, muddatidan oldin saylovlar tashkil etishga urinishi mumkin.

Qayd etilishicha, Imron Xon muxolifat partiyani uni lavozimidan chetlatish maqsadida AQSh bilan til biriktirganlikda ayblamoqda. Sobiq bosh vazir buni «Xitoy hamda Rossiyaga qarshilik masalalarida Vashington tarafida turishni rad etganligi ortidan AQSh boshchiligidagi fitna» deb atagan. O‘z navbatida, AQSh mazkur da’volarni mutlaqo asossiz ekanligi va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, muxolifat partiya Imron Xonni COVID-19 pandemiyasi fonida izdan chiqqan iqtisodiyotni tiklay olmaganlikda, Pokistonni korrupsiyadan holi qilish to‘g‘risidagi va’dalarini bajarmaganlikda ayblagan.

Nashrga ko‘ra, Imron Xonning o‘rniga muxolifat partiya yetakchisi, sobiq bosh vazir Navoz Sharifning ukasi Shehbaz Sharif kelishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mamlakatning 75 yillik tarixida hech bir bosh vazir besh yillik vakolat muddatini yakuniga yetkazishga muvaffaq bo‘lmagan. Imron Xon mamlakat tarixida ishonchsizlik votumi bilan lavozimidan chetlatilgan birinchi bosh vazir bo‘ldi. BBC`ga ko‘ra, bu Pokistonda hukumat rahbarini lavozimidan chetlatishning yagona konstitutsiyaviy yo‘li hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 69 yoshli Imron Xon yetakchiligidagi Tehrik-e-Insaf partiyasi Pokistonning uchta asosiy siyosiy partiyalaridan biri, 2013 yilgi umumiy saylovlardan buyon mamlakatda hukmron partiya hisoblanadi. Professional sportchi, sobiq kriketchi va siyosatchi Imron Xon 2018 yilda mamlakat bosh vaziri lavozimini egallagan edi.