O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon bankini jalb etib, 1 iyunga qadar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi. Bu prezidentning 8 apreldagi farmonida aks etgan.

Bundan tashqari, 1 avgustga qadar kompaniyani transformatsiya qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqiladi:

  • o‘zining yo‘lovchi va yuk vagonlariga ega xususiy operatorlar faoliyatini rivojlantirish hamda temir yo‘l transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan shaffof va moslashuvchan tarif tizimini yaratish yo‘li bilan tarif siyosatini takomillashtirish;
  • temir yo‘l transporti korxonalarida operatsion va biznes jarayonlar samaradorligini oshirish, shu jumladan, xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni raqamli transformatsiya qilish yo‘li bilan integratsiyalash;
  • temir yo‘l orqali ichki va xalqaro yuk hamda yo‘lovchi tashuvlarini davlat-xususiy sheriklik yoki franshiza asosida xususiy sektorga berish.

O‘tgan yilning avgustida Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l yuklarini tashish sohasidagi monopoliyani tanqid qilgandi. U o‘shanda xususiy logistika operatorlari o‘zining vagonlari bilan faoliyatini boshlashini ham ma’lum qilgandi. Prezident «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi v.b. Xusnutdin Xasilovga monopoliyani bartaraf etish to‘g‘risida topshiriq bergandi. «Kerak bo‘lsa, o‘zing tashkillashtirasan, o‘zing kredit olasan, o‘zing banklarga yalinasan», — dedi u monopol kompaniya rahbariga yuzlanib.

11 mart kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi v.b. Xusnutdin Xasilov sanoat kooperatsiyasi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishdagi ishlari uchun «hayfsan» olgandi.