O‘zbekistonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamkorligida “Ona tili va o‘qish savodxonligi” hamda “Matematika” fanlaridan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun yangi darslik va qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 8 aprel kuni USAID`ning O‘zbekistonda ta’limni yaxshilash dasturi doirasida ishlab chiqilgan standartlar va kitoblarni ko‘rib chiqish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq ta’limi vazirligi, mahalliy ilmiy tadqiqot institutlari hamda maktablarning boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari yangi o‘quv-metodik majmualar asosida olib borilayotgan ishlar, yondashuv va tadqiqotlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

2021 yil boshida bir guruh tajribali milliy va xalqaro mutaxassislar O‘zbekistondagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan hamkorlikda 1−4-sinf o‘quvchilariga “Ona tili va o‘qish savodxonligi” hamda “Matematika” fanlari bo‘yicha o‘qitishning yangi standartlarini ishlab chiqdi.

Keyinchalik mazkur standartlar asosida qiziqarli kontent hamda o‘quvchilarning qiziqishiga yo‘naltirilgan yuqori sifatli darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

Materiallar “Ona tili va o‘qish savodxonligi” fanidan 980 ga yaqin, matematikadan 675 ta darsdan iborat. Jamoa shuningdek, kitob mazmunini jonlantirgan 3000 dan ortiq yangi illyustratsiyalar yaratdi, deyiladi xabarda.

Mahsulotlarni taqriz qilish guruhi yangi o‘quv-metodik majmualar haqida o‘z fikr-mulohazalarini taqdim etgandan so‘ng, ular iyun oyining boshigacha yakunlanadi va XTVga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

USAID Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 2022−2023 o‘quv yilida Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi 918 ta umumta’lim maktablarida yangi materiallarni sinovdan o‘tkazadi, ularning dolzarbligi va boshlang‘ich savodxonlik va hisoblash ko‘nikmalari bo‘yicha o‘quv natijalarini yaxshilash imkoniyatlarini tasdiqlaydi.

Test sinovi tugallangach, kitoblar o‘qituvchilarning fikr-mulohazalari asosida qayta ko‘rib chiqiladi va yakuniy versiyalari 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab tarqatish uchun XTV tomonidan chop etiladi. Bu O‘zbekistondagi 2 milliondan ortiq maktab o‘quvchilarining sifatli darsliklar bilan ta’minlanishi, o‘n minglab o‘qituvchilarning “Ona tili va o‘qish savodxonligi” hamda “Matematika” fanlari bo‘yicha sifatli qo‘llanmalardan foydalanishini ta’minlaydi.

“Biz USAID bilan O‘zbekistonda ta’limni yaxshilash dasturi bo‘yicha hamkorlik qilishdan xursandmiz, bu bizni ta’lim islohotining keyingi bosqichiga olib chiqadi va o‘quvchilar natijalarini xalqaro darajaga ko‘taradi. Bu yuqori sifat standartlari va kitoblar O‘zbekiston farzandlarining o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga, o‘rta maktabda va hayotda muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam beradi”, — dedi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov.

Avvalroq, Cambridge University Press xalqaro nashriyoti tomonidan joriy o‘quv yilidan boshlab Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi 208 ta maktabda “Ingliz tili chet tili sifatida” (1−11-sinflar) va “Informatika va axborot texnologiyalari” (5−11-sinflar) darsliklari joriy etilgani haqida yozgan edik. Darsliklar yuqorida tilga olingan USAID dasturi bo‘yicha O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan bo‘lib, nashriyotdan litsenziya sotib olish va kitoblarni xorijda chop etish uchun 10 million dollar grant ajratilgan.