2022 yil 1 maydan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan ko‘chmas mulk obyektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi berildi. Ro‘yxat Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Bu prezidentning 8 apreldagi «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi farmonida aks ettirilgan.

Sarmoya kiritiladigan ko‘chmas mulk obyektlari Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming dollar ekvivalentidan kam bo‘lmasligi kerak. Boshqa hududlarda tegishli ravishda 70 ming va 85 ming dollardan kam bo‘lmasligi lozim.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.

Farmon bilan shuningdek, xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan ko‘chmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 mingdan 300 ming dollarga ekvivalentigacha kamaytirildi (boshqa hududlar uchun mazkur qiymat 100 mingdan 200 ming dollargachani tashkil qiladi).

Shu yo‘l bilan 111 mamlakat fuqarolari yashash guvohnomasini olish huquqiga yega.