Toshkent shahrida namunaviy loyihalar asosida 14 ta avtobus bekati rekonstruksiya qilindi, deya xabar berdi Toshkent shahar transport boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, bekatlar prezidentning 2 fevraldagi [PQ-111-son] qarori ijrosi bo‘yicha rekonstruksiya qilingan.

Bunga qadar, 24 fevralda poytaxtdagi avtobus bekatlarini yagona dizayn asosida qayta qurishga oid shahar hokimining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus pandus, 4G Wi-Fi, elektron tablo, kuzatuv kamerasi, chiqindi qutisi va LED ekran o‘rnatilishi nazarda tutilgandi.

Biroq, hozir rekonstruksiya qilingan yangicha bekatlarda faqatgina LED ekranli monitorlargina borligini ko‘rish mumkin.

Yana bir tajriba

Shundan kelib chiqib, batafsilroq ma’lumotlar olish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri Toshkent shahar transport boshqarmasi matbuot xizmati xodimi bilan bog‘landi.

Hozir mazkur namunaviy loyihadagi bekatlar tajriba tariqasida o‘rnatib chiqilayapti. Shuningdek, joriy yilda shaharda 280 ta bekatni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan.

«Bu bekatlarning loyihasi Transport vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda kelishilgan holda ishlab chiqildi hamda Toshkent shahar hokimligiga tasdiqlash uchun kiritildi. Agar Toshkent shahar hokimining zamonaviy dizayndagi bekatlar bo‘yicha qaror loyihasi ham tasdiqlansa, u holda o‘sha bekatlar tuman hokimliklarida o‘tkaziladigan auksionlarga qo‘yiladi», — deyiladi xabarda

Qayd etilishicha, bekatlar auksion orqali tadbirkorlarga sotiladi va ular belgilangan talabga ko‘ra, undan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bu kabi bekatlarda avtobuslar kelish vaqtini ko‘rsatadigan monitor, vender, bepul Wi-Fi va imkoniyati cheklangan shaxslarga qator qulayliklar mavjud bo‘ladi. Agar tadbirkor talabda belgilangan tartibda bekatni jihozlamasa u bilan tuzilgan auksion shartnomasi bekor qilinadi.

«Bekatlar nogironligi bo‘lgan insonlar uchun pandus bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Bekatlar trotuar sadhi bilan bir hil bo‘lishi kerak. [Tajriba sifatida o‘rnatilgan] bekatdagi orqa tomondagi ochiq joydan piyodalar yo‘li bilan nogironlar aravachasida kirib kelish mumkin. Ya’ni, piyodalar yo‘lagi bilan bir sathdagi bekatlarga pandus qo‘yish nazarda tutilmagan, lekin boshqa vaziyatlarda pandus qo‘yiladi», — deyiladi izohda.

Ta’kidlanishicha, Transport boshqarmasi har yili shahardagi bekatlarni xatlovdan o‘tkazadi.

«Masalan, qayerda qanday bekat bor, qayerda bekat umuman yo‘q, ya’ni bekatlardagi umumiy kamchiliklar to‘g‘risida shahar hokimiyatiga ma’lumot sifatida kiritamiz. Reklamalarning joylashtirilishi bo‘yicha bizlarda ma’lumot yo‘q», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar hokimining 24 fevralda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qaror loyihasi urbanistlar bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqilmoqda. Demak hokim qarori hanuz qabul qilinmagan va avtobus bekatlarini qurish yoki rekonstruksiya qilish borasida yagona dizayn tasdiqlanmagan.

Bu birinchisi emas

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Toshkent shahrida barcha tomoni oyna bilan o‘ralgan bekatlar paydo bo‘lishni boshlagandi. O‘shanda bekatlar maydoni tadbirkorlarga berilib, uning bir qismida do‘kon qurish evaziga bekatning qolgan qismini ta’mirlash, oynalarni o‘rnatish, o‘rindiqlar joylashtirish va konditsioner bilan ta’minlash talab qo‘yilgandi. Shuningdek, o‘sha yilda quvvatlash uskunalari o‘rnatilgan bekatlar soni yanada ko‘proq bo‘lishi belgilangandi.

Bundan keyin ham bekatlarni yagona dizayn asosida qayta qurish bo‘yicha takliflar bildirilgandi. Misol uchun 2020 yilning dekabrida poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev poytaxtda avtobus bekatlari do‘konlarsiz bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Buni nazarda tutuvchi Toshkent hokimining qarori loyihasi 2019 yildayoq jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan, biroq, qabul qilinmagan. Bekatlarda elektron tablo, WI-FI, kuzatuv kamerasi, zamonaviy dizayndagi o‘rindiqlar, mobil qurilmalar quvvatlash manbalari, panduslar o‘rnatilishi 2020 yildan beri rejalashtirilib kelinadi.

Shuningdek, 2021 yilda poytaxt hokimi Muqimiy ko‘chasida avtobuslar uchun 3 kmlik alohida yo‘l harakatlanish bo‘lagini ajratish ko‘zda tutilgan qarorni imzolagandi. Bundan tashqari, avtobus bekatlarini yangilash rejalashtirilayotgani va yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi davom ettirilishini aytilgandi.

Foto

Quyida Toshkent shahri ko‘chalarida yangi dizaynda rekonstruksiya qilingan bekatlar manzillari va suratlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Mirzo Ulug‘bek tumani, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, «Shifokorlar malakasini oshirish instituti» bekati.

Yashnobod tumani, Ohangaron shossesi ko‘chasi, «Tuzel 2-mavzesi» bekati.

Bektemir tumani, Toshkent xalqa avtomobil yo‘li ko‘chasi, «Qo‘yliq dehqon bozori» bekati.

«Qo‘yliq bozoridagi joy o‘zgarishi ham mumkin. Bozor boshqa joyga ko‘chadigan bo‘lsa, bu yerdagi bekatning ham joyi o‘zgaradi. Bu tajriba tariqasida o‘rnatilgan», — deyiladi Transport boshqarmasi xabarida.

Mirobod tumani, Mirobod ko‘chasi, «Chexov ko‘chasi» bekati.

Chilonzor tumani, Cho‘ponota ko‘chasi, «Mirzo Ulug‘bek metrosi» bekati.

Chilonzor tumani, Kichik xalqa avtomobil yo‘li ko‘chasi, «Chilonzor 11-daha» bekati.

Shayhontoxur tumani, Ko‘kcha Darvoza ko‘chasi, «Ko‘kcha Oqlon mahallasi» bekati.

Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, «Yunusobod dehqon bozori» bekati.

Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, «Yunusobod tuman hokimiyati» bekati.

Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, «Teplovoz deposi» bekati.

Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, «Elektroapparat ICHB» bekati.

Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, «Masjid» bekati.

Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, «Fayzobod ko‘chasi» bekati.

Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, «Mo‘ynoq ko‘chasi» bekati.