O‘zgidromet O‘zbekiston bo‘yicha 8−10 aprel kunlari kutiladigan ob-havo ma’lumoti haqida xabar berdi.

Bugun respublika hududining katta qismida iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘istonda va kechga tomon Buxoro viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shimolda va cho‘l hududlarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, chang to‘zon bo‘lishi mumkin. Shuningdek, shamol tezligi 23−25 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Havo harorati kunning o‘rtasiga kelib, respublika bo‘yicha 28−30° ni tashkil etadi, bu me’yordan +8, +10 darajaga yuqori bo‘ladi.

9 aprelga o‘tar kechasi O‘zbekiston hududiga Turkmanistondan zich bulut qatlamlari kirib kelishi kutilmoqda, buning hisobiga Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kun davomida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +28, +30 daraja atrofida bo‘lishi saqlanib turadi.

Yakshanba kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida beqaror ob-havo kuzatiladi, ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi harorat +30, +35 darajagacha ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dam olish kunlari 8−11 aprel kunlari kuchli shamol bo‘lishi kutilayotgani haqida yozgan edik.