Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining tegishli buyrug‘i bilan 2022/2023 o‘quv yilida xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari, respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat va xorijiy (filiallar) oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish ballari tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yil tizimida OTMlar bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari umumlashtirilib, ta’lim sohalari kesimida o‘tish ballari belgilandi.


Vazirlik axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodovning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan respublikadagi davlat OTMlariga o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lgan yoshlar soni tobora ortib bormoqda.

2021 yilda 95 mingdan ortiq yoshlar vazirlikka shu masalada ariza bilan murojaat qilgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 100 mingdan kam bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda.

Ibodovning ta’kidlashicha, o‘tgan yillarda o‘qishni ko‘chirishda talabgorlarda yetarlicha ma’lumotlar bo‘lmasligi oqibatida ta’lim yo‘nalishlarining noto‘g‘ri tanlanishi, turli konsalting xizmatlar ko‘rsatuvchi firmalarning asossiz takliflariga uchib, firibgarlik holatlariga duch kelish kabi muammolar kuzatilgan.

Bularni bartaraf etish maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan o‘tish ballari belgilangan muddatidan 4 oy oldin e’lon qilinmoqda.

«Shu vaqtga qadar vazirlik va idoralar tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq o‘tish ballarini o‘z rasmiy manbaalarida alohida va turli vaqtlarda e’lon qilib kelgan. Bu esa, talabgorlarda e’tirozlarni keltirib chiqargan. OO‘MTVga kelayotgan jami murojaatlar va noroziliklarning 60 foizidan ko‘prog‘i bevosita o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq masalalardir», — dedi vazirlik axborot xizmati rahbari.

Ibodov, shuningdek, ayrim talabalar va ularning ota-onalari farzandlarini imtihonsiz kirish mumkin bo‘lgan xorijiy va xususiy oliygohlarga o‘qishga kiritib, bir yildan so‘ng o‘qishlarini davlat OTMlariga ko‘chirishni maqsad qilayotganini ta’kidladi. Ayrim ota-onalar konsalting firmalar va’dalariga ishonib, firibgarlik qurboniga aylanmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bois vazirlik axborot xizmati rahbari talabalar va ota-onalardan o‘qishni ko‘chirish borasida turli shaxslar yoki firmalar va’dalariga ishonmaslikka chaqirdi. Mazkur jarayonlar haqida batafsil ma’lumotni OO‘MTVning Edu.uz rasmiy Telegram kanali orqali olish mumkinligi aytildi.