2021 yilda 735,4 ming xorijlik Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritdi. Ushbu ko‘rsatkich kamida 2000 yildan buyon rekord natija hisoblanadi, deya xabar berdi FinExpertiza audit va konsalting tarmog‘i tahliliy xizmati Rossiya Ichki ishlar vazirligining migratsiya masalasidagi statistik ma’lumotlarini o‘rganib chiqqan holda.

Qayd etilishicha, «yangi rossiyaliklar»ning yarmidan ko‘pi Ukraina (51,1% yoki 376 ming kishi) fuqarolari hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarni Tojikiston (14,1% yoki 103,7 ming kishi) va Qozog‘iston (6,8% yoki 49,9 ming kishi) fuqarolari egalladi.

2021 yilda Rossiya pasportini olgan o‘zbekistonlik muhojirlar RF fuqaroligini qo‘lga kiritganlar umumiy sonining 4,3 foizi yoki 31,9 ming kishini tashkil etdi. Bu 2020 yilga nisbatan 8,8 ming kishiga ko‘pdir.


Yangi fuqarolarning asosiy ulushi o‘z pasportlarini Rostov viloyatida (42,3%, yoki 310,8 ming kishi), Moskva shahri va viloyati (12%, yoki 88 ming kishi), shuningdek Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida (3,9%, yoki 28,5 ming kishi) olgan. Ushbu beshta hududda 2021 yilda berilgan pasportlar mamlakatda xorijliklarga berilgan pasportlarning taxminan 60 foizini tashkil etdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda Rossiya fuqarosi bo‘lishni istovchilar soni 32 foizga yoki 656,3 ming kishiga ko‘paygan va 2005 yilgi natija, 500 mingdan ortiq kishi Rossiya pasportlarini olgandagi rekordni yangilagan.

FinExpertiza’ning 2020 yilgi xisobotiga ko‘ra, oxirgi yillarda Rossiya pasportlarini oluvchilar orasida Ukraina aholisi ulushi keskin oshgan — bu DXR va LXR dan Rossiyaga kelgan muhojirlar uchun Rossiya fuqaroligini olish tartibi soddalashtirilganidan keyin sodir bo‘lgan. Aynan Donbass aholisi «yangi rossiyaliklar»ning asosiy o‘sishini tashkil etishadi. 2020 yilda Rossiya fuqaroligini olganlarning 62,4 foizi (409,5 ming kishi) Ukraina fuqarosi bo‘lgan.

Keyingi o‘rinlarni Tojikiston (9.7%, yoki 63,4 ming kishi), Qozog‘iston (6,6%, yoki 43,4 ming kishi), Armaniston (4,7%, yoki 30,5 ming kishi), O‘zbekiston (3,5%, yoki 23,1 ming kishi), Ozarbayjon (3,3%, yoki 21,9 ming kishi), Moldova (3,1%, yoki 20,6 ming kishi), Qirg‘iziston (1,8%, yoki 11,9 ming kishi) va Belarus (1,6%, yoki 10,4 ming kishi) fuqarolari tashkil etadi.