Rossiya banki (Markaziy bank) direktorlar kengashi 11 apreldan boshlab asosiy stavkani — tarixiy 20 foizdan 17 foizga kamaytirishga qaror qildi, deyiladi regulyator bayonotida.

«Rossiya iqtisodiyoti uchun tashqi muhit qiyinligicha qolmoqda va iqtisodiy faollikni sezilarli darajada cheklamoqda. Moliyaviy barqarorlik uchun xavflar saqlanib qolmoqda, ammo bugungi kunda ular, jumladan, kapital harakatini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli o‘sishni to‘xtatdi», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, muddatli depozitlar bo‘yicha mablag‘larning barqaror oqimi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, yillik inflyatsiya bazaviy ta’sir tufayli o‘sishda davom etadi, biroq Markaziy bankning so‘nggi haftalik ma’lumotlari joriy narxlarning o‘sish sur’atlari, shu jumladan rubl kursi dinamikasi tufayli sezilarli darajada pasayganligini ko‘rsatadi.

Asosiy stavkani 20 foizga oshirish to‘g‘risidagi qaror Rossiya banki tomonidan 28 fevral kuni rejadan tashqari yig‘ilishda qabul qilingan. Bungacha bu ko‘rsatkich 9,5% edi. Qaror Rossiyaga, jumladan mamlakatning xorijdagi eng yirik banklari va valyuta zaxiralariga qarshi bir necha marta joriy etilgan qattiq sanksiyalardan so‘ng qabul qilindi. 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan direktorlar kengashining rejalashtirilgan yig‘ilishida Rossiya Markaziy banki kursni o‘zgarishsiz qoldirdi.

«Pul-kredit shart-sharoitlarining qattiqlashishi hukumat va Rossiya Markaziy bankining kredit dasturlarini qo‘llab-quvvatlash dasturi bilan qisman qoplandi, ammo, umuman olganda, inflyatsiyaga qarshi risklarni cheklash davom ettiriladi», — deb ta’kidlaydi regulyator.

Bugungi qaror iste’mol narxlari o‘sishining tezlashishi, iqtisodiy faollikning sekinlashuvi va moliyaviy barqarorlikka ta’sir etuvchi xatarlarning muvozanatlashuvini aks ettiradi, deyiladi hisobotda.

Shu bilan birga, Rossiya banki keyingi yig‘ilishlarda stavkalarni yanada pasaytirishga ruxsat beradi. Keyingi uchrashuv 29 aprelga belgilangan.

Markaziy bank kapital nazorati va valyuta cheklovlarini joriy qilganidan so‘ng, mart oyida Moskva birjasida valyuta savdolari hajmi 2008 yildagi darajaga tushib ketdi va 8 aprelda kurs bir dollar uchun 75,9 rublgacha mustahkamlandi, deb yozadi RBK.

Shunday qilib, import fevral-mart oylariga qaraganda arzonlashdi, bu esa inflyatsiyaga ta’sir qiladi. Ayniqsa, import qiluvchilar uchun dollar kursi ayirboshlash kursiga yaqin ekanligini hisobga olganda: mart oyining oxirida Rossiya banki kredit tashkilotlariga chet el valyutasini importchilarga valyuta kursidan maksimal farq — 2 rubldan oshmagan holda sotishni tavsiya qildi. Boshqa kompaniyalar uchun farq kamida 10 rubl darajasida bo‘lishi tavsiya etiladi.

26 martdan 1 aprelgacha Rossiyada iste’mol narxlari 0,99 foizga oshdi, deb xabar berdi Rosstat. Inflyatsiya oldingi to‘rt hafta bilan solishtirganda, ya’ni, aslida, qattiq sanksiyalar boshlanganidan beri birinchi marta sekinlashdi. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik hisobda inflyatsiya 2021 yil oxirida 8,39 foizga baholangan bo‘lsa-da, 16,7 foizni tashkil etmoqda.