1 maydan boshlab pensiya va nafaqa pullarini plastik kartada oladiganlarga 1% qo‘shimcha to‘lov to‘lab beriladi. Bu haqda 7 aprel kuni prezident tomonidan qabul qilingan qarorda aytiladi.

Qarorga ko‘ra, «Xalq banki»ning sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar hamda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pulda yetkazib berish xizmatlari uchun 1 foiz miqdorda bankka xizmat haqi to‘lab beriladi. Moliya vazirligining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, ushbu mablag‘lar Pensiya jamg‘armasi, tegishli maqsadli jamg‘armalarning qoldiq mablag‘lari va davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Aholi, jumladan pensioner va nafaqaxo‘rlar bunda haq to‘lashi kerak bo‘lmaydi.

Shuningdek, «Xalq banki» zimmasiga sayyor kassalar orqali mahalla fuqarolar yig‘inlariga borgan holda pensiya va nafaqa oluvchilarning kartalaridagi mablag‘larini ularning xohishlariga ko‘ra naqd pulga almashtirib berish vazifasi yuklatiladi.

Bundan tashqari, barcha turdagi davlat pensiyalarini, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni hamda kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi.

Ya’ni pensionerlar kartasiga 1% ortiqcha pul kelib tushadi. Pensioner kartadagi mablag‘ni bankomatdan naqdlashtirib olsa, qo‘shib berilgan 1% yechib olinadi, ya’ni pensionerning bazaviy pensiya miqdori o‘zgarmay qoladi. Kartadagi pensiya naqdlashtirilmasa, qo‘shimcha 1% pensioner ixtiyorida qoldiriladi.

Bunda, fuqarolarning roziligi bilan pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga o‘tkazish asosida hujjatlarni qog‘oz shaklida yuritishdan voz kechiladi.

Shuningdek, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga tegishli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan moddiy yordamlar, mehnat organlari tomonidan to‘lanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni o‘tab ozodlikka chiqqan fuqarolarga to‘lanadigan moddiy yordam pullari har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi hamda pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda «Xalq banki»ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi.

Qaror bilan shuningdek, 1 sentabrga qadar harbiylashtirilgan tizim pensiyalarini hisoblash va ularning to‘lov hisob-kitoblari tizimini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan avtomatlashtirish orqali xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarida pensiya varaqalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi.

1 oktabrga qadar xorijdan 1 800 ta bankomat olib kelinib, ular hududlar, shu jumladan, olis tumanlarda o‘rnatiladi.

2022 yil yakuniga qadar pensiya va nafaqa oluvchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida ularning mablag‘larini masofadan boshqarish imkonini beruvchi bankning yangi mobil ilovasi ishlab chiqiladi.