Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Bryusseldagi uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlash borasida kelishib oldi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha kengash matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki davlat rahbarlari «tinchlik kelishuvi tomon tezroq harakat qilish istagini» bildirdilar va uni tayyorlashni tashqi ishlar vazirlariga topshirishga kelishib oldilar. Aprel oyining oxirigacha chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish, shuningdek, chegara hududlari barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma chegara komissiyasi chaqiriladi.

Tomonlar, shuningdek, 2020 yil 9−10 noyabrdagi uch tomonlama bayonot qoidalariga to‘liq rioya qilish zarurligini yana bir bor tasdiqladilar.

Sharl Mishel, shuningdek, YeIning Armaniston va Ozarbayjon bilan hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanligini hamda keskinlikni bartaraf etish hamda «mintaqada yashovchi barcha xalqlar manfaati uchun xavfsiz, barqaror, tinch va farovon Janubiy Kavkaz»ni yaratish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini tasdiqladi.

U barcha hal qilinmagan gumanitar muammolarni, jumladan, «qolgan mahbuslarni ozod qilish va bedarak yo‘qolganlar muammosini kompleks hal etish» kabi masalalarni to‘liq va tezda hal etishga chaqirdi hamda bu borada YeI tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

«Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlarini, shuningdek, minalardan tozalash bo‘yicha gumanitar sa’y-harakatlarni, jumladan, ekspert maslahatlari va moliyaviy yordamni ko‘paytirish, shuningdek, mojarolardan jabr ko‘rgan aholiga ko‘mak ko‘rsatish, reabilitatsiya va rekonstruksiyani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi» — dedi Sharl Mishel.

Uchrashuvda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida, shuningdek, butun Janubiy Kavkazda aloqa infratuzilmasini tiklash masalalari muhokama qilindi. «Prezident Mishel temir yo‘llarni tiklash bo‘yicha qadamlarni olqishlab, Armaniston va Ozarbayjonni ham yo‘l aloqalarini tiklash bo‘yicha samarali yechimlarni topishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi aloqa kanallarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.