“Farhod dehqon bozori” direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari fuqarodan qonunga zid ravishda pul talab qilgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

5 aprel kuni “Farhod dehqon bozori"da tadbirkorlik qiluvchi fuqaro IIBBga uni bozor direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari, “Elga xizmat” va “Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari” savdo nuqtalari uchun to‘lov qilishga majburlaganini aytgan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Keltirilishicha, bunda mazkur savdo nuqtalaridan to‘lov olinmasligi haqida 2021 yil 19 fevraldagi 203-sonli qarorga zid ravishda harakat qilingan.

Fuqaro arziga ko‘ra, uni bozordan chiqarib yuborish bilan qo‘rqitib, 2021 yil cyentyabr oyidan buyon har 10 kunlik savdo faoliyati uchun 660 ming so‘mdan pul mablag‘larini kassir orqali olib kelayotganliklarini aytgan, hozirda esa oxirgi 2 oy uchun 3,4 mln so‘m to‘lashni noqonuniy ravishda talab qilgan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni Toshkent shahar IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX tezkor tadbir o‘tkazdi.

Aniqlanishicha, “Xalq banki” Uchtepa filialining mazkur bozorga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri, xizmat xonasida ariza muallifidan 3,4 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, uning yonidan kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8,3 mln so‘m va inkassatsiya qilinmagan 9,15 mln so‘m pul mablag‘lari topilgan.

Tezkor tadbir davomida bozor direktori hamda uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari ushlandi, uning “Jentra” rusumli avtomashinasidan qariyb 25 mln so‘m puli borligi ma’lum bo‘ldi.

6 aprel kuni holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. 2 shaxs JPKning 224-moddasi tartibida ushlandi. Tergov davom etmoqda.