Foto: Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi

Juma kuni Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildan beri davom etmoqda, bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Majmuaning birinchi qavatida muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash xonalari joylashgan. Binoning 65 metr balandlikdagi gumbazi ostiga esa Islom olamining durdonasi bo‘lmish Usmon mushafi qo‘yilishi reja qilingan.

«Bu qo‘shnilar o‘rtasidagi hamkorlik». XTV rahbari o‘rinbosari O‘zbekiston nega qo‘shni davlatlarga maktab qurib berayotgani haqida

XTV rahbarining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev O‘zbekiston o‘zi maktablarga muhtoj bir vaqtda, nega qo‘shni davlatlarga ta’lim muassasalari qurib berayotganini izohladi. «Qirg‘iziston Rishtonda maktabgacha ta’lim muassasasi, Tojikiston Urgutda maktab qurib bergan… Bu faqat qo‘shnilarning o‘rtasidagi hamkorlik», — dedi u. Qolaversa, O‘zbekistonda 1,2 mln o‘quvchi o‘rnini yaratish uchun alohida dastur ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga tashrif buyurishi kutilmoqda

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi. Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning javob tashrifi bilan Qirg‘izistonga borishi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashini ta’kidladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga ikkita maktab qurilishi va Bobur nomidagi O‘sh akademik teatri rekonstruksiyasi uchun minnatdorchilik bildirildi.

Nega O‘zbekiston Rossiyani Inson huquqlari kengashidan chiqarish bo‘yicha qarorga qarshi ovoz berdi?

O‘zbekiston Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov bunday qarorlar «gumonlanayotgan inson huquqlari buzilishining puxta tergovi natijasiga» asoslangan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston delegatsiyalari vakillari ham shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqishdi. CNN Rossiya tashkilot a’zo-davlatlariga rezolyutsiyaga ovoz berish «oqibatlari» haqida ogohlantirib, nota jo‘natganligini ta’kidladi.

Dam olish kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va issiq bo‘lishi kutilmoqda

Dam olish kunlari havo harorati +35 darajagacha ko‘tariladi. Turkmanistondan zich bulut qatlamlari kirib kelishi evaziga ayrim hududlarda momaqaldiroq bo‘lishi va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Surxondaryoda Afg‘oniston fuqarolari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi

Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda 345 nafar afg‘onistonlik bepul tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi mazkur tashabbus uchun 1 mln yevro ajratdi.

OTMlarga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari e’lon qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘qishini chet eldan ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalarning imtihonlarga tayyorlanishga yetarlicha vaqti bo‘lishi uchun davlat OTMlarga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballarini 4 oy oldin e’lon qildi. Joriy yilda 100 ming talabaning o‘qishini chet eldan ko‘chirishi kutilmoqda.

Plastik kartaga pensiya oladiganlarga 1 foiz qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi

1 maydan boshlab pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga oladiganlar uchun 1% qo‘shimcha to‘lov to‘lab beriladi. Naqd pulda pensiya, nafaqa va moddiy yordam pullarini yetkazib berish xizmatlari uchun esa «Xalq banki»ga 1 foiz xizmat haqqi to‘lab beriladi. Bu mablag‘lar pensiya va nafaqa oluvchilar hisobidan emas, Pensiya jamg‘armasi va budjet pullaridan qoplanadi.

«Farhod dehqon bozori» direktori va o‘rinbosariga jinoyat ishi ochildi

Tadbirkordan savdo nuqtasi uchun noqonuniy pul talab qilgan «Farhod dehqon bozori» direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular ushbu bozorga xizmat ko‘rsatuvchi bank kassiri orqali 3,4 mln so‘m olmoqchi bo‘lgan.

2021 yilda qariyb 32 ming o‘zbekistonlik Rossiya fuqaroligini oldi

2021 yilda 735,4 mingdan ziyod xorijlik Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritdi. Ushbu ko‘rsatkich kamida 2000 yildan buyon rekord natija hisoblanadi. O‘tgan yili Rossiya pasportini olgan o‘zbekistonliklar soni esa 2020 yilga nisbatan 8,8 ming kishiga ko‘payib, 31,9 ming nafarni tashkil etdi.

Musa Jamanbayev Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi

Qirg‘iziston prezidenti protokol xizmatini boshqargan Musa Jamanbayev mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi.

O‘zbekistonda turizm sohasi jadal sur’atlar bilan tiklanmoqda — Turizm vazirligi

Toshkentdagi mehmonxona va hostellar bandligi mart oyining so‘nggi kunlarida 83,6 foizni, respublikada esa 70,8 foizni tashkil etdi. Turizm va madaniy meros vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu raqamlar turizm sohasining tiklanishidan dalolat beradi. Yil oxirigacha O‘zbekistonda 4,5 milliongacha sayyoh kelishi kutilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

O‘zbekiston qayerda joylashgan? — Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Rossiya va Belarus internet foydalanuvchilarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi qanday o‘zgardi

24 fevral kuni Rossiyaning Ukraina hududida harbiy operatsiya boshlashi ortidan Rossiya va Belarus internet foydalanuvchilari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish keskin ortib ketdi. Google`da 1000 rubl o‘zbek so‘mida qancha bo‘lishi, Moskvadan O‘zbekistongacha bo‘lgan biletlar, O‘zbekistonga kirish qoidalari va boshqa so‘rovlar keskin ortgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishga qo‘yilgan taqiqni olqishlaydi — Ismatulla Irgashev

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev qo‘shni mamlakatning muvaqqat hukumati tomonidan ko‘knori yetishtirishni taqiqlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida bu qarorni Afg‘onistondagi giyohvandlik moddalari muammosini ildizi bilan yo‘q qilishdagi muhim qaror deb atadi. Bu esa mamlakat xalqaro terrorchilar panohiga aylanmasligiga aniq signal ekanligi ta’kidlandi.