O‘zbekistondagi Afg‘oniston fuqarolarining ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi. 7 aprel kuni Toshkentda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yevropa Ittifoqining (YeI) O‘zbekistondagi delegatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tashabbus bilan chiqdi, deya xabar qildi BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Qayd etilishicha, mazkur kengaytirilgan dastur hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari afg‘onistonliklarga gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalarida bilim egallashga yordam beradi. Loyiha Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Markaz o‘quv jarayoniga O‘zbekistondagi tegishli muassasalarning ta’lim va o‘quv resurslarini ham jalb qilishi mumkin.

Loyiha doirasida jami 345 nafar Afg‘oniston fuqarosi ta’lim grantlarini qo‘lga kiritib, o‘qishni tamomlaganidan so‘ng tegishli diplom va sertifikatlarga ega bo‘ladi.

Xususan:

  • hozirda markazda tahsil olayotgan afg‘onistonlik 145 nafar talaba, jumladan, 24 nafar xotin-qiz ta’lim jarayonini davom ettiradi;
  • 100 nafar Afg‘oniston fuqarosi bir yillik texnik hamda kasbiy ta’lim va tayyorgarlik (TKTT) dasturi doirasida o‘qitiladi;
  • 100 nafar Afg‘oniston fuqarosi qisqa muddatli kasbiy kurslarda ta’lim oladi.

2022 yilda BMTTD tomonidan bajariladigan tashabbus uchun YeI 1 mln yevro mablag‘ ajratdi.

Ittifoq delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrianning ta’kidlashicha, YeI hozirgi og‘ir sharoitda Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

«Umid qilamizki, bizning uzoq yillik hamkorimiz bo‘lgan BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan bu loyiha O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolariga yangi bilim va ko‘nikmalar olishlarida ko‘maklashishi barobarida, ularga o‘z vatanlariga qaytishdan oldin turmush sharoitlarini yaxshilash va oilalarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi», — dedi u.

Shuningdek, loyihaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi asosiy hamkor bo‘ladi.

«O‘zbekistonda vaqtincha istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolariga bunday imkoniyatlar yaratish juda muhim masaladir. Bu Afg‘onistonning yoshlariga o‘z hayot yo‘lini topishlari uchun ko‘nikma va mutaxassisliklarni egallashga sharoit yaratadi», — deydi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 1-o‘rinbosari Komiljon Karimov.

Tashabbus Markaz salohiyatini yanada mustahkamlaydi va uni Afg‘oniston uchun ta’lim markaziga aylantirishga imkoniyat yaratishi ta’kidlandi. Natijada Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekistondagi ko‘plab universitetlar, institutlar va kollejlarning ta’lim xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Markaz YeI bilimlar markazini ochish va unda onlayn masofaviy o‘qitish vositasini ishga tushirish uchun platformaga ham aylanadi.

«Bugun biz ilgari surayotgan tashabbus Afg‘oniston fuqarolarini ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish, ularning O‘zbekistonda faol ijtimoiy-iqtisodiy hayotga integratsiyalashuvi uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalar berish bilangina cheklanib qolmaydi. Bu O‘zbekiston janubidagi hudud aholisining barqarorligi va turmush darajasini oshirishga qaratilgan ancha keng va tizimli sa’y-harakatlar bo‘lib, ular mintaqadagi ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi. Biz Surxondaryo viloyatini har tomonlama, aholi manfaatlarini ko‘zlovchi va inklyuziv hududiy rivojlanishga qaratilgan yondashuvimiz foydali bo‘lishiga umid bildiramiz», — deya ta’kiladi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.