BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida 7 aprel kuni bo‘lib o‘tgan 11-favqulodda maxsus sessiyasida BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish uchun ovoz berdi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Ukraina va BMTga a’zo 50 dan ortiq davlatlar taklif etgan rezolyutsiyani 93 davlat qo‘llab-quvvatladi. 24 delegatsiya qarshi chiqdi, 58 tasi esa betaraf qoldi. Qarshi ovoz berganlar orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va boshqalar bor.

2006 yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashini (UNHRC) ta’sis etgan BMT rezolyutsiyasiga ko‘ra, hozir bo‘lgan va ovoz berishda qatnashgan a’zolarning uchdan ikki qismi «inson huquqlarini qo‘pol va muntazam ravishda buzayotgan» davlatning kengash a’zoligini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Ovoz berishdan oldin so‘zga chiqqan Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa «inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzadigan davlatning UNHRC a’zoligini to‘xtatib turish tanlov emas, balki majburiyat» ekanini aytdi.

U bundan roppa-rosa 30 yil avval Ruandada sodir bo‘lgan tutsi genotsidini eslatib, xalqaro hamjamiyatni o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslikka chaqirdi. «Bugun ko‘z o‘ngimizda fojia ro‘y bermoqda», dedi ukrainalik diplomat va Bosh Assambleyadagi hamkasblarini chetda turmaslikka hamda Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Gennadiy Kuzminning aytishicha, ko‘rib chiqilayotgan rezolyutsiya loyihasi, aslida, inson huquqlari sohasidagi vaziyatga hech qanday aloqasi yo‘q.

«Bugun biz kichik bir guruh davlatlar sa’y-harakatlari bilan inson huquqlari arxitekturasi qanday katta yoriqlar berganini ko‘rib turibmiz», dedi u va «Rossiyaning ustuvor yo‘nalishi har doim konstruktiv muloqotni mustahkamlash, barcha manfaatdor tomonlarni inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasida jamoaviy rivojlanish va qarorlar qabul qilish jarayonida hamkorlik qilishga jalb qilish bo‘lib kelgan», deya ma’lum qildi so‘ngra.

BMTning Inson Huquqlari Kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat bo‘lib, ularning har biri Bosh Assambleya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li bilan adolatli geografik taqsimot tamoyili asosida saylanadi.

O‘zbekiston 2020 yil oktabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga ilk bor uch yillik muddatga (2021−2023) saylangan edi.