O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni Samarqand turizm markazi — «Silk Road Samarkand Tourist Complex»da olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi (video), deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati.


Davlat rahbari majmua loyihasi bilan ilk bor 2021 yilning aprelida Samarqandga tashrifi chog‘ida tanishgandi. Ushbu majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihada 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, «Abadiy shahar» karvon saroyi, besh va to‘rt yulduzli 8 ta mehmonxona qurilishi reja qilingandi.

Chorshanba kuni o‘tkazilgan taqdimot davomida esa loyihani tezlashtirish yuzasidan topshiriq berildi.

«Prezident ushbu loyihani tezlashtirish, qurilish jarayonlariga ko‘proq mahalliy yoshlarni jalb etish, har bir obyektda energiya tejamkor uskunlar samarali foydalanish, atrofni yanada ko‘kalamzorlashtirish o‘z tavsiyalarini berdi», — deyiladi O‘zbekiston24 telekanalida efirga uzatilgan reportajda.

Qayd etilishicha, Samarqand turizm markazida mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxonalar, ovqatlanish obyektlari, shoxobchalar, qadimiylikni o‘zida aks ettirgan shaharchalar, yo‘l va ko‘priklar qurilishi davom etmoqda.


Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev bu sohani rivojlantirish orqali xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ham minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Shanxay hamkorlik tashkilotiga 2021−2022 yillarda O‘zbekistonga raislik huquqi berilgandi. 2022 yilning 23 fevralida prezidentning «2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida» [PF-5636-sonli] farmoyishi qabul qilindi.

Shunga ko‘ra, 2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan SHHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Respublika tashkiliy komissiyasi tarkibi va Sammit tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha bosqichli ish rejasi tasdiqlangan edi.

Foto