15 mart kuni Toshkent shahar hokimiyati tashkil etilganiga 15 kun bo‘lgan firmaga Navro‘z saylida xizmat ko‘rsatish uchun 1 milliard so‘mlik ishlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirdi. Bu haqdagi ma’lumot Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan, bunga Davletovuz Telegram-kanali e’tibor qaratdi.

Prezidentning 17 fevraldagi [PQ-134-son] qarorining 2-ilovasiga ko‘ra, «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq saylini o‘tkazish belgilangan va unga asosiy tashkilotchi etib Toshkent shahar hokimligi belgilangan. Tadbirlar tashkilotchilarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi belgilangan.

28 fevralda esa «dam olish va ko‘ngil ochishni tashkil etish»ga mo‘ljallangan «Profi event» MCHJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ushbu kompaniya bilan Toshkent shahar hokimiyati apparati o‘rtasida 15 mart kuni tuzilgan shartnomaga ko‘ra, 21−23 mart kunlari kompaniya «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bir qator texnik xizmatlarni ko‘rsatishi kerak bo‘lgan. Bu esa davlat xaridlari portalida e’lon qilinmagan.

Shunga qaramasdan, kelishuv asosida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilangan:

  • texnik vazifaga asosan qurilish ishlarini bajarish;
  • dekoratsiyalarni tayyorlash;
  • bog‘da montaj va demontaj xizmatlari (bog‘ning ilk ko‘rinishini tiklash);
  • dizayner va arxitektorlar xizmati.

Shartnoma firma tuzilganidan 15 o‘tib tuzilgan bo‘lsada, aslida ishlar avvalroq boshlangan bo‘lishi mumkin. Sababi firma 15 mart — shartnoma tuzilgan kuni asosiy konstruksiyalar qurilishini tugatishi kerak bo‘lgan. 19 martda esa ikkilamchi dekoratsiyalar tugatilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, KTYADR ma’lumotiga ko‘ra, «Profi Event» MCHJ ta’sichisi Abduboriyxo‘ja Abduvosikov ayni vaqtda «Autograph Event» XKga ham egalik qiladi.

Ushbu kompaniya ham «dam olish va ko‘ngil ochishni tashkil etish» xizmatlarini amalga oshiradi. Ushbu ikki kompaniyaning manzili hamda telefon raqamlari ham bir-biriga mos tushmoqda.

Autograph savdo belgisi avval Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ta’sischiligidagi «J-United Group»ga tegishli edi. Ayni vaqtda unga «Maroon Trade» MCHJ egalik qilmoqda. Intelektual mulk agentligini «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Autograph savdo belgisi 2022 yil 6 yanvar kuni «J-United Group»dan «Maroon Trade»ga o‘tgan.

Manba: Intelektual mulk agentligi.

«Autograph Event»ning Facebook sahifasida kompaniya Akfa Medline, Dream City, Miniso, Crafers va boshqakompaniyalar uchun tadbirlar o‘tkazib kelganini ko‘rish mumkin.

«Gazeta.uz» Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Abduboriyxo‘ja Abduvosiqov tahririyatning bitimni izohlash so‘roviga javob bermadi.