O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ofisi 2021 yilda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyati yuzasidan hisobot berdi.

Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimovaning ma’lum qilishicha, 2021 yilda vakil nomiga O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18 738 ta murojaat kelib tushdi. Solishtirish uchun — o‘tgan yili murojaatlar soni 14 975 ta bo‘lgan.

Qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar o‘rtasidagi ziddiyatli va nizoli masalalarni ko‘rib chiqish Ombudsman vakolatiga kirmaydi, shuning uchun 11 257 ta murojaat (2020 yidda 4486 ta murojaat) ish yurituviga olingan.

2021 yilda murojaatlarning eng ko‘pi fuqarolarning shaxsiy mulkka bo‘lgan huquqlari va mehnat huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar, moddiy yordam olish, insonparvarlik aktini tadbiq etish, sud-tergov jarayonlari, fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini ta’minlash kabilarga oid bo‘ldi. Eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (2588 ta), Qashqadaryo viloyati (2530 ta) va Surxondaryo viloyatidan (2000 ta) kelib tushdi.

2021 yilda Ombudsman jismoniy shaxslarning mulk huquqlari kafolatlari bo‘yicha ilk marotaba Konstitutsiyaviy sudga ko‘rib chiqish uchun bitta masala kiritdi, deyiladi hisobotda. “Gazeta.uz"ga Ombudsman matbuot xizmati qo‘shimcha qilishicha, 2 aprelda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 43 va 47-bandlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 53 va 54-moddalariga muvofiqligi yoki yo‘qligini aniqlab berishni so‘rab, Konstitutsiyaviy sudga murojaat yo‘llagan. Mazkur masala 2 iyul kuni Konstitutsiyaviy sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Sud vazirliklar va idoralar vakillarining tushuntirishlari tinglanib, Vazirlar Mahkamasining tegishli nizomi 43 va 47-bandlari Konstitutsiyaga muvofiq degan qarorni qabul qildi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 14 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 44 ta da’vo arizalari kiritilgan.

Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o‘z faoliyatida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.

Shuningdek, Ombudsman xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 108 marotaba (2020 yilda — 32 marta) ishtirok etgan.

Inson huquqlari bo‘yicha vakilga yuborilgan shaxsiy huquqlar va erkinliklarga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 21 ta jinoiy va ma’muriy va 9 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi. Murojaat qiluvchilar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 29 ta qaror bekor qilindi.

Mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 25 ta tekshiruv o‘tkazildi. Ombudsman murojaatidan so‘ng sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 6 ta protest kiritildi.

Sudlarga 442 mln so‘mlik mehnat haqini undirishga qaratilgan 43 ta da’vo arizasi kiritildi, 62 nafar fuqaroga 787,8 mln so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi ta’minlandi. 10 nafar fuqaro ishga tiklandi, 5 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun sog‘ligiga yetkazilgan 9,2 mln so‘mlik zarar undirildi, fuqarolarga 148 mln. so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi.

Shuningdek, murojaatchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 210,8 mln. so‘mlik zarar undirildi. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 14 ta fuqaroga uy-joy ajratildi. Tadbirkorlarga 145 mln so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak berildi.