Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni Yangi O‘zbekiston yo‘li bo‘ylab quriladigan binolar loyihalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ko‘cha bo‘yida 610 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar qurish rejalashtirilgan.

Loyihaga asosan, binolar to‘rt qavatli, to‘rt xil dizaynda bo‘ladi. Birinchi qavatda savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyat yuritadi. Yuqori qavatlarda xonadonlar yoki mehmonxonalar bo‘ladi. Ko‘cha bo‘yida piyoda va velosiped yo‘laklari, yerosti va yerusti yo‘llari barpo etiladi.


Davlat rahbari loyihani ma’qullab, uylarni energiyatejamkor qilib qurish, issiq va sovuqda mo‘’tadil bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ish o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

«Eng muhimi — xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish o‘rinlari yaratish», — dedi prezident.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, binolarda 1,7 mln kvadrat metr savdo va xizmat ko‘rsatish maydoni bo‘ladi. Buning negizida 14 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etiladi.


Shuningdek, ushbu ko‘chada joylashgan «Toshkent-Sharqiy» aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish choralari ham belgilandi.

Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi Shukrullo Jahongirov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ko‘cha 2 mlndan ortiq qurilish maydonini o‘z ichiga olganini ta’kidladi. Loyiha natijasida hududda 14 mingdan ortiq ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi Shukrullo Jahongirov. Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

«Ko‘cha loyihasi to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, u umumiy 11,5 kmni tashkil etadi. Uning qurilish arxitekturasi evolyutsion ko‘rinishda taqdim etildi. Bu nima degani, demak o‘zimizda mavjud milliy arxitekturani olgan holda yangi zamonaviy ko‘rinishdagi binolar bilan sintez qilinadi. Ko‘chaning kengligiga keladigan bo‘lsak, 86 m „qizil chiziq“ etib belgilandi», — Shukrullo Jahongirov.


Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi binolar maketi. Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

Ta’kidlanishicha, bu hududdan poytaxt markaziga olib boruvchi asosiy yo‘l o‘tadi. Undan ikki tarafida qo‘shimcha, ya’ni yon yo‘llar quriladi. Unda mehmonxonalar, restoranlar, har xil turdagi xizmat ko‘rsatish obyektlari bo‘ladi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘chani Yangi Toshkent boshlanishining o‘ziga xos dastlabki arxitekturasi bo‘ladi.

Bundan tashqari, prezidentning 30 yanvardagi taqdimotda bergan taklif va tavsiyalari asosida o‘zgartirilgan mahalla markazlarini barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

«Yoshlar o‘rgangan, infratuzilma borgan joylarni tanlash kerak. Mahalla idorasini ham shu yerga joylashtirish mumkin. Shunda bu joylar madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘ladi. Bu markazlarda milliy o‘zligimiz namoyon bo‘lishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihadan ko‘rish mumkinki, bunday markazlarda stadion, (basketbol, volleybol, shaxmat va boshqa) o‘yin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, qolaversa, 10 kishilik zamonaviy hammom ham bo‘ladi.

Ushbu markazlar joyi bo‘yicha Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi aniqlab, taklif kiritadi.


Ma’lumki, 2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu nufuzli musobaqa uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Ma’muriy bino, yotoqxona, muzey va xo‘jalik obyektlari ham quriladi.

Taqdimotda Olimpiya shaharchasi obyektlari qiymatini optimallashtirish choralari aytildi. Mutaxassislar bilan muhokama asosida, mazkur shaharcha loyihasi tasdiqlandi. Uni sifatli qilib qurish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident Olimpiya shaharchasi loyihasini tasdiqladi. Loyiha muhandisi Qodir O‘zdemirning so‘zlariga ko‘ra, endi qurilish ishlari boshlab yuboriladi.

Qodir O‘zdemir Loyiha muhandisi. Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

«Mazkur olimpiya shaharchasi nafaqat O‘zbekiston uchun, balki dunyoga [xizmat] ko‘rsatadigan yirik obyekt bo‘ladi. Shaharcha ishga tushgach, minglab odamlar ishlay boshlaydi. Loyiha bo‘yicha ko‘p bosh qotirdik. Sportchilarning shug‘ullanishi bilan bog‘liq har bir jihat o‘rganib chiqildi. Biz uchun sifat asosiy maqsad bo‘ladi», — dedi Qodir O‘zdemir.

Prezident ham majmua xalqqa, yoshlarga mulk bo‘lib qolishini, shuning uchun birinchi o‘rinda sifat ekanligini eslatdi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirlarida poytaxtning Yashnobod tumanida 100 gektar maydonda quriladigan, Angliyaning «Arup» muhandislik kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Olimpiya shaharchasi loyihasi suratlarini e’lon qilgandik.