6 aprel kuni AQSh, Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari hamda Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Rossiyaning «Sberbank» va «Alfa-bank"ka nisbatan bloklovchi sanksiyalar qo‘llaniladi. Mazkur cheklovlar sanksiyaga tushgan banklarning aktivlari muzlatilishi, AQSh moliya tizimi va amerikalik shaxslarga ular bilan biznes yuritishiga taqiq qo‘yilishini anglatadi.

Jumladan, «Alfa-bank»ning 5 ta kemasi hamda 6 ta sho‘ba kompaniyasiga, «Sberbank»ning 42 ta sho‘ba korxonalari hamda filiallariga nisbatan cheklovlar qo‘llaniladi.

Qayd etilishicha, «Sberbank» — Rossiya bank sektori umumiy aktivlarining qariyb uchdan bir qismini egallaydi va Rossiya iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega. «Alfa-bank» — Rossiyaning eng yirik xususiy banki va Rossiyaning to‘rtinchi yirik moliyaviy instituti hisoblanadi.

Yangi sanksiyalar Rossiyaga investitsiya kiritishni taqiqlashni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Rossiyaning muhim davlat korxonalariga to‘liq blokirovka qiluvchi sanksiyalar qo‘llaniladi. Bu har qanday amerikalik shaxsning ushbu tashkilotlar bilan tranzaksiya qilishini taqiqlaydi va ularning AQSh yurisdiksiyasiga tegishli bo‘lgan har qanday aktivlarini muzlatib qo‘yilishini anglatadi.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, prezident Putinning qizlari, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning turmush o‘rtog‘i va qizi, Rossiya xavfsizlik kengashi a’zolari ham sanksiyaga tushgan.

Shuningdek, quyidagi amaldorlarga ham sanksiyalar qo‘llanadi:

  • Aleksandr Beglov — Sankt-Peterburg gubernatori;
  • Sergey Sobyanin — Moskva meri;
  • Vladimir Bulavin — Rossiya bojxona federal xizmati rahbari ;
  • Yuriy Chayka — Rossiya prezidentining Shimoliy Kavkaz okrugidagi doimiy vakili;
  • Anton Vayno — Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari;
  • Konstantin Chuychenko— Rossiya adliya vaziri ;
  • Aleksandr Gutsan — Rossiya prezidentining Shimoli-g‘arbiy federal okrugdagi doimiy vakili;
  • Anton Siluanov — Rossiya moliya vaziri;
  • Rashid Nurgaliyev — Rossiya xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari;
  • Yuriy Trutnev — Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari;
  • Igor Komarov — Rossiya prezidentining Privoljsk federal okrugidagi doimiy vakili.

«Bu shaxslar rus xalqi hisobiga boyib ketishdi. Ulardan ba’zilari Putinning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun javobgardir. Bu harakat ularni AQSh moliya tizimidan uzib qo‘yilishini va Qo‘shma Shtatlardagi barcha aktivlarini muzlatib qo‘yishni bildiradi», — deyiladi Oq uy xabarida.

Bundan tashqari, AQSh G‘aznachiligi Rossiya tashqi qarzini AQSh yurisdiksiyasida joylashgan hisobraqamlardan to‘lashni taqiqladi.

Buyuk Britaniya sanksiyalari

AQShdan keyin Buyuk Britaniya ham Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Bu haqda mamlakat hukumati saytida e’lon qilindi.

Ushbu sanksiyalarga ko‘ra, quyidagi shaxslarning aktivlari muzlatiladi:

  • Leonid Mixelson («Novatek»),
  • Sergey Ivanov («Alrosa»),
  • Aleksandr Dyukov («Gazprom neft»),
  • Andrey Akimov («Gazprombank»),
  • Andrey Gurev — kattasi («Fosagro»),
  • Vyacheslav Kantor («Akron»),
  • Sergey Kogogin (Kamaz),
  • Boris Rotenberg (biznesmen Boris Rotenbergning o‘g‘li).

Ularning deyarli barchasiga (Kantordan tashqari) Buyuk Britaniyaga kirish taqiqlandi. Gurev va Mixelsonga transport sanksiyalariga tortildi (ularning kemalari va samolyotlarining Buyuk Britaniyagaga kirishi taqiqlandi).

Yana Moskva kredit banki birinchi marta sanksiyalar ostida qoldi. Ushbu tashkilotning aktivlari muzlatib qo‘yiladi. Shu bilan birga, «Sberbank"ka nisbatan cheklovlar kuchaytirildi.

Buyuk Britaniya Rossiyaga neftni qayta ishlash uskunalarini eksport qilishga, shuningdek, Rossiya temir va po‘lat mahsulotlari importiga embargo qo‘ydi. Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi Rossiya loyihalariga sarmoya kiritishni taqiqladi. Mamlakat 2022 yil oxiriga qadar Rossiyadan ko‘mir importini to‘xtatadi.

Bu Ukrainadagi harbiy amaliyotga javoban Buyuk Britaniyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining beshinchi paketi hisoblanadi.

Avvalroq, AQSh Alisher Usmonov va rossiyalik boshqa tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Yevropa va AQSh Rossiyaga nisbatan yangi «qattiq moliyaviy sanksiyalar» qo‘llashga kelishib olgani haqida yozgan edik.