17 mart kuni Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining 2022 yilda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish, paxta hosildorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev olib bordi.

Yig‘ilishning XDFU formatidagi yopiq bayonnomasiga (xizmat doirasida foydalanish uchun, «Gazeta.uz»da mavjud) muvofiq, yer uchastkalari tasdiqlangan, ajratilgan va fermer xo‘jaliklari fyuchers shartnomalarini tuzishlari shart bo‘lgan klasterlarga biriktirilgan.

Jumladan, Norin tumanidagi 140 ga yaqin fermerga tegishli 6038 gektar yer yangi Iftihor Kiyim Sanoat klasteriga biriktirilgan bo‘lsa-da, xuddi shu hududda boshqa bir — Uztex Uchkurgan klasteri ham faoliyat yuritmoqda.

Foto: Uztex Uchkurgan.

Uztex Uchkurgan vakili Mullajon Mansurov «Gazeta.uz» bilan suhbatda korxona ikkita viloyatning to‘rtta tumanida — Xorazm viloyatining Shovot hamda Namangan viloyatining Uychi, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining (744-son) qarori asosida Uztex Uchkurgan Norin tumanidagi fermer xo‘jaliklari bilan paxta xomashyosi yetishtirish va uni UzTex`ga chuqur qayta ishlashga yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish huquqini qo‘lga kiritdi.

Mullajon Mansurovning aytishicha, fermerlar bilan har yili ekish mavsumi oldidan tuziladigan fyuchers shartnomalari (kontraktatsiya shartnomalari) asosida ish olib borilmoqda.

«Biroq, shu bilan birga, yer ularda bo‘lishi kerak, biz esa strategik munosabatlarni o‘rnatishimiz, ulardan bizga har doim standart va yuqori sifatli mahsulotlarni yetkazib beradigan hamkorlar tayyorlashimiz kerak. Shu bilan birga, yillik foyda yoki daromad yoki rentabellik doimo oshib borishi kerak», dedi u.

Buning uchun korxona barcha himoya vositalari, mineral o‘g‘itlar, texnika vositalarini o‘z vaqtida ta’minlashga harakat qildi.

«Har yili hosildorlikni oshirish uchun bularning barchasini o‘z vaqtida ta’minlash kerak edi. 2021 yil oxirida 23 sentnerdan 35 sentnerga yetdik. Rentabellikka nazar tashlansa, 2018 yilda rentabellik 1 gektarga bo‘linganda 2 million so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 1 gektardan o‘rtacha rentabellik har bir fermerga 8,5 million so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda», — dedi u.

Uztex Uchkurgan fyuchers shartnomalarida davlat tomonidan tasdiqlangan minimal tariflardan past bo‘lmagan narxlarni ko‘rsatadi. 2021 yilda narx 1 kg uchun 7100 so‘mni tashkil etdi, biroq u paxta naviga qarab arzonlashishi mumkin.

Foto: Uztex Uchkurgan.

Mullajon Mansurovning tushuntirishicha, kompaniya minimal narxni belgilab beradi, shu bilan birga, fermerlarni sifatli mahsulot yetkazib berishga, hosilidan ko‘proq daromad olishga undaydi.

«O‘tgan vaqtlarda birinchi nav 70 foiz atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir u 90 foizdan oshib ketdi. Narxga qo‘shish mumkin, lekin nav pasayadi. Agarda siz fermerlarga o‘z mahsulotlarini to‘g‘ri tayyorlash va to‘g‘ri yig‘ish, tozalash va topshirish imkoniyatini bersangiz, unda 90 foizdan ortig‘i birinchi navga to‘g‘ri keladi. Bitta holatda 7100 so‘m emas, 7500 so‘m berilishi mumkin, shu bilan birga, fermerga birinchi navning 70 foizi, ikkinchi nav esa — bu narxdan minus 9 foiz berildi», — dedi u.

Uztex Uchkurgan vakilining ta’kidlashicha, bu hozirda fermerlar va klaster oldida turgan barcha imkoniyatlar ufqi emas.

«Biz chuqur qayta ishlashni joriy etmoqdamiz. Tabiiyki, yaqin 3−4 yilda hosildorlikni yana kamida 10−12 foizga oshirishni xohlaymiz. Biroq bu, albatta, tomchilatib sug‘orish, yanada yangi yuqori texnologiyalarni sotib olish degani», — deya ma’lum qildi u.

Foto: Uztex Uchkurgan.

Mullajon Mansurovning aytishicha, qariyb 2 hafta oldin korxona Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi va Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda, prezidentning 2021 yil 16 noyabrdagi farmoni (PF-14) bilan nazarda tutilganidek, 30 yil muddatga to‘rt tomonlama shartnoma imzolash uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga borgan.

«Bu bosqichda bizda Norin tumanida yo‘qligimizni aytishdi. Lekin bu yilgi mablag‘ning qariyb 35−40 foizini tumandagi fermerlar bilan tuzilgan fyuchers shartnomalar asosida moliyalashtirib bo‘ldik, ekish kampaniyasi ham davom etmoqda. Bosh vazir o‘rinbosarining bayonnomasi chiqqan, ammo hozircha Vazirlar Mahkamasining qarori yo‘q. Vazirlar Mahkamasining qarorisiz klasterning tashkil etilishi mumkin emas, bizning fikrimizcha, bu yuridik jihatdan noto‘g‘ri bo‘ladi», — deb hisoblaydi u.

Prezident qaroriga to‘xtalar ekan, u paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etishda ishlab chiqarilgan yoki sotib olingan paxta xomashyosining kamida 50 foizini o‘zi qayta ishlash quvvatiga (kamida ip-kalava) ega bo‘lgan ariza beruvchi boshqalarga nisbatan afzal ko‘rilishini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashkil etilgan Iftihor Kiyim Sanoat klasterida hozircha ishlab chiqarish quvvatlari mavjud emas, ular endigina barpo etilmoqda.

«Shunga ko‘ra, fermerlar ham, biz ham qandaydir ahmoqlikdamiz. Muqobil variant bor, raqobat rivojlanadi, degan fikrga qarshi emasmiz. O‘zimiz ham shunday maydonni xohlaymiz, lekin shunday… Shu bilan birga, kecha [Norin tumani] hokimi fermerlarni yig‘ib, yangi klasterni taqdimot qildi, u fermerlar bilan yangi shartnomalar tuzadi, deb e’lon qildi», — deydi u.

Mullajon Mansurov ta’kidlaganidek, klasterlarning uch turi mavjud:

  • hududdagi yerlarni ijaraga beruvchi klasterlar;
  • yerlarni ijaraga beruvchi va qo‘shimcha ravishda fermerlar bilan fyuchers shartnomalarini tuzuvchi klasterlar;
  • yerga ega bo‘lmagan, faqat fermerlar bilan fyuchers shartnomalar tuzadigan (Uztex Uchkurgan ushbu turga kiradi) klasterlar.

Hokim Shavkat Abdurazzoqov Iftihor Kiyim Sanoat korxonasida pokistonlik investorlar bilan, 2021 yil fevral. Foto: Namangan haqiqati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqovga murojaat qilgan, biroq salbiy javob olgan.

«Biz hatto shu yil oxirigacha yakunlash imkoniyatini berishni so‘radik va biz o‘zimiz ketamiz. Lekin u qarshilik qildi. Hokim yangi loyihalarga muhtojligini aytadi. Bizning rahbariyatimiz shunday deydi: „Biz ham juda ko‘p loyihalarni amalga oshiryapmiz-ku. 4000 dan ortiq ishchilar bor. Bu to‘xtaydi axir“. Uning aytishicha, unga ham har qanday holatda yangi loyihalar kerak. Mana bu mantiq, menimcha, biroz noto‘g‘ri. Eskilarini to‘xtatish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratasizmi? Bu qandaydir mantiqsiz», — dedi u.

«Gazeta.uz» ikki marta Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmatiga murojaat qildi, biroq javob ololmadi.

Fermerlar: «Uztex bilan yaxshi ishlab ketdik»

74 gektar yerga ega «Eraliyeva Kimsanoy» fermer xo‘jaligi rahbari va ta’sischisi Laylo Xolmirzayevaнинг aytishicha, 2 aprel kuni Norin tumani hokimi, yangi klaster va viloyat hokimligi vakillari bilan uchrashuvda fermerlardan Iftihor Kiyim Sanoat klasteri bilan shartnomalar tuzish taklif qilingan.

U prezidentning 2021 yil 16 noyabrdagi farmoniga tayanib, fermerlar paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha hududlarda istalgan klaster bilan ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish huquqiga ega ekanligini aytdi.

«O‘sha farmonda aniq va tiniq belgilab qo‘yilganki, viloyatda klasterlar ko‘payadi — kamida 3 ta klaster — fermerlar tanlash huquqiga ega bo‘ladilar, ya’ni istalgan klaster bilan shartnoma tuzib, paxtasini unga sotishi mumkin. Biz juda xursand bo‘lgandik», — dedi u.

Uztex Uchkurgan ishchilari.

Laylo Xolmirzayeva Uztex Uchkurgan yerni tortib olish mumkin degan qo‘rquv sababli avvaliga tushunmovchiliklar bo‘lganini tan oldi.

«Yo‘q, ular yerga da’vo qilishmaydi. Ular uchun paxta yetishtiramiz. Ular bilan to‘rtinchi yil ishlayapmiz. 2022 yil uchun paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolaganmiz. Masalan, shartnoma asosida g‘o‘za chigitini ekib bo‘ldim, ulardan o‘g‘it oldim, — deydi u.

Fermer o‘z majburiyatlarini bajarayotgan mavjud klaster bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilishga hozircha asos ko‘rmayotganini ta’kidladi. Va amaldagi shartnomani bekor qilmasdan, boshqa klaster bilan shartnoma tuzish mumkin emas.

«Biz Uztex bilan yaxshi ishlab ketdik. Asosiysi — paxtamizning pulini o‘z vaqtida to‘lashmoqda. Masalan, 2021 yilgi paxta uchun noyabr oyida pul to‘lashdi. Dehqon bo‘lib ishlagan 20 yil davomida hech qachon noyabr oyida pul to‘lanmagan. Ilgari to‘lovlar bahorgacha kechiktirilardi. O‘shanda bug‘doy o‘rishni boshlashardi, biz esa paxta pulini olishga yugurardik», — deydi Laylo Xolmirzayeva.

Uztex Uchkurgan klasteri bilan uchrashuvda fermerlar klasterni qo‘llab-quvvatlab, bundan keyin ham ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Fermer xo‘jaligi rahbari, shuningdek, Iftihor Kiyim Sanoat fermerlarga haligacha biror taklif bilan chiqmagani va loyiha taqdimotini qilmagani, Uztex esa bunga qadar buni amalga oshirganini ham aytdi.

«Biz ularni tanimaymiz, ilgari ko‘rmaganmiz. Uztex kelganida o‘z korxonasini, to‘liq ishlab chiqarish siklini ko‘rsatgandi, shundan so‘ng biz ular bilan shartnoma imzolagandik», — dedi u.

2021 yilda fermer 300 mln so‘m daromad oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zpaxtasanoat» tizimida bunday daromadlar bo‘lmagan.

171 gektar yerga ega fermer Zohidjon Odilov yangi tashkil etilgan Iftihor Kiyim Sanoat klasteri haqida hozircha hech narsani bilmasligini aytdi.

«Yangi klasterning ishlab chiqarish zavodini hali ko‘rmadim, u nimaga qodirligini bilmayman. Uztex endigina tashkil etilayotganda fermerlarni avtobusda zavodga olib kelishgan, korxona imkoniyatlariga ishonch hosil qilganimizdan keyin shartnoma imzolagan edik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning birinchi yilida Uztex klasteri paxta pulining 80 foizini dekabr oyida, qolganini yanvar oyida to‘lagan. 2021 yilda kompaniya fermerlarga noyabr oyida pul to‘lagan.

«Mineral o‘g‘itlar o‘z vaqtida berilmoqda, to‘lovlar o‘z vaqtida o‘tkazilmoqda. Masalan, men to‘y uchun kelgusida sotiladigan paxtadan 50 mln so‘m avans so‘radim. Murojaat qildim, pul berishdi. Uskuna sotib olish uchun avans berish uchun ariza yozdim — unda ham berishdi. Menga qanaqa klaster kerak, agar shunday bo‘lmasa?! Men ular bilan shartnoma tuzaman. Bo‘ldi, tamom», — dedi u.

Fermer paxta uchun belgilangan eng kam narx — 1 kg uchun 7100 so‘m ekanidan mamnunligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda 10 ming so‘mga yaqin narx kutilmoqda. «O‘tgan yilni 900 mln so‘m foyda bilan yakunladim», — deydi u.

Fermer xo‘jaligi rahbari tumanni Uztex Uchkurgan klasteridan olmoqchi bo‘lish sabablariga aniqlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hokimi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda klaster paxta yig‘im-terimi rejasini bajarmaganini aytishgan.

«Lekin fermer o‘zi ishlamoqchi bo‘lgan klaster bilan shartnoma tuzadi-ku. Qolaversa, paxta terimi rejasini klaster emas, fermer bajarmagan. Aslida prezidentimiz davlat rejasini bekor qilgan, ammo bu hali ham davom etmoqda. Masalan, 1 gektardan 10 sentnerdan hosil olgan bo‘lsak, o‘zimiz 30−50 sentnerdan hosil olishga intilamiz, chunki bu bizning daromadimiz. Biz ko‘proq daromad olishga intilamiz», — dedi u.

76 gektar yerga ega fermer Shavkat Rahmonov 2019 yilda Uztex Uchkurgan kompaniyasi bilan fyuchers shartnomasini imzolagan edi.

«Uch yil davomida bu klaster bilan hech qanday muammo bo‘lmadi. Men 20 yildan beri dehqon bo‘lib ishlayman, lekin hech qachon bunday ta’minot bo‘lmagan. O‘g‘it yetarli, to‘lov amalga oshirilmoqda, texnika bor. Agar o‘z mablag‘imiz hisobidan uskuna sotib olmoqchi bo‘lsak, klaster xarajatlarning 30−40 foizini qoplashga yordam beradi. Ularning yordami bilan texnik bazani mustahkamladik», — dedi u.

Fermer 2021 yilni 800 mln so‘m foyda bilan yakunladi.

«Biz bu yerlarni so‘ramaganmiz»

Iftihor Kiyim Sanoat direktori, bir vaqtning o‘zida senator ham bo‘lgan Anna Dobrixning ma’lum qilishicha, kompaniya yer so‘rab murojaat qilgan, lekin ushbu tumanni so‘ramagan.

«Biz ariza topshirdik, bu hukumat qarori. Bu ham tumanni so‘raganimiz yo‘q. Hozir Uztex o‘z siyosatini olib borayotganini men ham to‘liq tushunaman. Biz boshqa yerlar so‘radik, umuman olganda, o‘zlashtirish uchun yer so‘radik», — dedi u.

Tahririyat Telegram orqali yuborgan boshqa savollarga senator javob bermadi.

«Gazeta.uz» Qishloq xo‘jaligi vazirligidan ham vaziyatga izoh berishni so‘radi, biroq hozircha javob olgani yo‘q.