Andijon viloyatidagi «Andijon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i va 2 nafar xodimi hibsga olindi, deya xabar berdi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

3 mart kuni Andijondagi «Do‘stlik» bojxona posti orqali kirib kelgan yuk mashinasida hujjatlarga ko‘ra qiymati 5780 AQSh dollariga teng yuk bo‘lgan.

Biroq inspeksion ko‘rik majmuasi tomonidan olingan rentgen tasvirlari bojxonachilarda tirkamada hujjatlarda ko‘rsatilmgana tovarlar borligi haqida shubha uyg‘otgan. Ushbu postda yuk mashinasini to‘liq ko‘rikdan o‘tkazish uchun sharoit emasligi sababli tovarlar «Andijon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga mazkur post boshlig‘ini ogohlantirgan holda bojxona nazorati ostida yo‘naltiriladi.

Yuk egalari bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirib, elektron ravishda taqdim qilishadi. Xavfni boshqarish tizimi orqali ushbu deklaratsiya avtomatik ro‘yxatga olinadi va «qizil» yo‘lakka, tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish uchun yo‘naltiriladi.

Biroq oradan 30−40 daqiqa o‘tib, tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmay, bojxona omboridan olib chiqib ketiladi. Yuklar chiqib ketganidan 10 daqiqa o‘tib, tovarlar boshqa xodimning elektron kaliti orqali import bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi.

Ushbu yuk mashinasi Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyatining maxsus topshirig‘iga binoan Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan tezkor kuzatuvga olingani sababli Andijon shahri «Gulzor» ko‘chasida to‘xtatiladi.

Yuk avtomashinasi bojxona omboriga qaytarilib, undagi tovarlar to‘liq ko‘zdan kechirilganida hujjatlarda ko‘rsatilmagan 31 turdagi tovarlar (kiyim-kechaklar, poyabzallar, kosmetika vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa tovarlar) ortilganligi aniqlanadi.

Ularning umumiy qiymati 5 mlrd 565 mln so‘mdan ortiqqa baholangan. Bojxona qo‘mitasining ta’kidlashicha, tovarlar tegishli tartibda rasmiylashtirilsa, bojxona to‘lovi 1 mlrd 944 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lar edi.

19 mart kuni Davlat bojxona qo‘mitasida korrupsiyaga qarshi kurash masalasida bo‘lib o‘tgan xizmat yig‘ilishida ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi va «Andijon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i va 2 nafar xodimlari shu yerning o‘zida hibsga olindi.