Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Karimov Bobir Xasanovich lavozimidan ozod etildi. Bu haqda «Nigoh» Telegram-kanali xabar berdi.

Uning o‘rnini shu kungacha prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi sifatida faoliyat yuritgan Asadulla Qayumov egalladi.

Bobir Karimov O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasida bosh yurist maslahatchisi, yuridik xizmati rahbari lavozimlarida, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston va BAAdagi turli xalqaro konsalting firmalarida faoliyat yuritgan.

2019 yil 11 fevraldagi prezident qaroriga muvofiq, Bobir Karimov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Monopoliyaga qarshi qo‘mita va UzAuto Motors o‘rtasidagi sud jarayonlarida u avtosanoat monopoliyasiga qarshi chiqqan edi. U kirib kelayotgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovini pasaytirishni UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi kurashishning yagona yo‘li deb atagan edi.

Yaqinda YouTube`dagi Human.uz kanalida deputat Rasul Kusherbayev bilan suhbatda Bobir Karimov Komil Allamjonov tomonidan asos solingan xususiy imtihon markazi ochilgandan so‘ng Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish markazlarini yopmasligi kerakligini aytgan edi.

Uning qayd etishicha, davlat markazlari bu sohada yetarli miqdorda xususiy kompaniyalar tashkil etilgandan keyingina yopilishi kerak edi. Suhbat davomida Toshkent viloyatida ham imtihon markazlari yopilgani, bu yerda hali birorta ham xususiy korxona tashkil etilmagani qayd etildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshlig‘ining endilikdagi sobiq birinchi o‘rinbosari Ichki ishlar vazirligi qo‘mitaning markazlarni yopish sabablari haqidagi so‘roviga javob bermaganini ma’lum qilgan edi.