Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin siyosatchi, Davlat dumasi Liberal-demokratik partiyasining (LDPR) fraksiyasi rahbari Vladimir Jirinovskiy 75 yoshida vafot etganini ma’lum qildi.

Mashhur rossiyalik siyosatchi 1946 yilda Olmaota (Qozog‘iston) shahrida tug‘ilgan.

1970 yilda Moskva Davlat universiteti (MDU) qoshidagi Sharq tillari institutini (hozirgi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti) Turkiya va turk tili mutaxassisligini, 1977 yilda MDU yuridik fakultetining kechki bo‘limini «huquqshunos» mutaxassisligi bo‘yicha a’lo baholar bilan tamomlagan.

Vladimir Jirinovskiy 1989 yilda LDPRga a’zo bo‘lgan va 1990 yilda unga rahbar bo‘lgan.

Vladimir Jirinovskiy 1991 yilda RSFSR prezidenti lavozimiga va 1996, 2000, 2008, 2012, 2018 yillardagi saylovlarda Rossiya prezidenti lavozimiga LDPRdan nomzod bo‘lgan.

U Rossiya Konstitutsiyasi loyihasini tayyorlash bo‘yicha 1993 yildagi Konstitutsiyaviy yig‘ilish ishida ishtirok etgan.

Shu yilning fevral oyida Vladimir Jirinovskiy Moskva markaziy klinik shifoxonasiga yotqizilgan edi. Unga koronavirus tashxisi qo‘yilgani va o‘pkasining 50−75 foizi shikastlangani ma’lum qilindi. Bungacha siyosatchi sakkiz marta koronavirusga qarshi Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinalar bilan emlanganini aytgandi.