UzAuto Motors sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida Rossiyaga avtomobillar eksportini to‘xtatdi, deb xabar berdi Eurasianet nashri.

UzAuto Motors — General Motors (GM) guruhining Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqaradi. Bu mashinalarda Janubiy Koreyada ishlab chiqariladigan yarimo‘tkazgichlar va mikrosxema qismlari mavjud bo‘lib, Janubiy Koreya Ukrainaga harbiy bostirib kirgani munosabati bilan Rossiyaga kiritilgan G‘arb sanksiyalariga qo‘shilgan.

«Shunday qilib, agar UzAuto Rossiya Federatsiyasiga avtomobil jo‘natishni davom etganida, uning Andijon yaqinidagi zavodiga butlovchi qismlar yetkazib berish to‘xtatilgan bo‘lardi. So‘nggi yillarda kompaniya ehtiyot qismlarni yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch keldi», — deb yozadi nashr.

Eurasianet GM’ning Detroytdagi (AQSh) bosh qarorgohi vakiliga tayanib ma’lum qilishicha, UzAuto Motors 9 martdan boshlab Chevrolet avtomobillarini Rossiyaga eksport qilishni to‘xtatgan.

Shundan so‘ng kompaniya avtomashinalar yoki ehtiyot qismlarni tashish uchun Rossiya portlaridan foydalanishni to‘xtatganini tasdiqladi, ammo baribir Rossiyaga avtomobillarni sotish masalasini muhokama qilishdan bosh tortdi, — deb yozadi nashr.

Kompaniya vaziyat yuzasidan «Gazeta.uz» so‘roviga izoh berishdan bosh tortdi.

2021 yilda chiplarning global yetishmasligi va logistika muammolari tufayli avtomobil ishlab chiqarishning qisqarishidan so‘ng UzAuto Motors 2022 yilning yanvar-fevral oylarida avtomobil ishlab chiqarishni 17,5 mingtaga ko‘paytirib, 39,9 mingtaga yetkazdi, deya xabar bergandi Davlat statistika qo‘mitasi.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekiston 20,5 million dollarlik avtomobil eksport qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60,9 foizga kamdir.

Xorijdan yetkazib berishning kamayishi prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasi bilan ham bo‘lishi mumkin. Davlat rahbari fevral oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ichki bozorga avtomobil yetkazib berishdagi sustkashlikka to‘xtalib, 1 maygacha avtomobil sotib olishda navbatlarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shuningdek, ichki bozorga ko‘proq avtomobil yetkazib berish va butlovchi qismlar orqali yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.