So‘nggi yillarda O‘zbekistonning savdo balansi defitsiti o‘sib bormoqda. Bu borada iqtisodchi mutaxassislarning ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan qizg‘in bahs-munozaralari ham mazkur muammoning nafaqat qisqa muddatda, balki o‘rta va, ayniqsa, uzoq muddatda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlashda naqadar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistonda tovar va xizmatlar eksporti hajmi 17,0 mlrd dollarni, import hajmi 26,6 mlrd dollarni va tashqi savdo salbiy saldosi 9,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 16,4 mlrd dollar, 27,8 mlrd dollar va 11,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 69,2 mlrd dollarni tashkil etuvchi mamlakat uchun tovar va xizmatlar balansidagi 11,4 mlrd dollar miqdoridagi defitsit — bu sezilarli darajada yirik miqdor ekanligini inkor etib bo‘lmaydi.

Tovar va xizmatlar balansida bunday salbiy va doimiy ravishda o‘sib boruvchi defitsitning mavjud bo‘lishi yaxshimi yoki yomon? Bu savolga, defitsitning paydo bo‘lishi va o‘sishining asosiy sabablari, shuningdek, tovar va xizmatlar balansini qoplash manbalarini tahlil qilmasdan turib, aniq javob berishning imkoni yo‘q.

O‘zbekistonning 2020−2021 yillardagi to‘lov balansi bo‘yicha tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tovar va xizmatlar balansidagi defitsitning asosiy qismi mamlakatdan tashqarida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hisobidan qoplanadi. Umuman olganda, 2021 yilda to‘lov balansi joriy hisobining «omilli daromadlar» moddasi bo‘yicha ijobiy saldosi 6,6 mlrd dollarni tashkil etgan.

Agar mamlakatning tovar va xizmatlar balansida aynan shu miqdordagi defitsit yuzaga kelgan bo‘lganida, bu makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga hech qanday tahdid solmagan bo‘lardi. Ta’kidlash joizki, bu faraz faqatgina ushbu daromadlarning pasayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar mavjud bo‘lmagan sharoitda amal qiladi. Biroq, bunday xatarlar mavjud, hatto tovarlar eksporti bilan bog‘liq xavflar ham mavjud. Masalan, eksport qilinadigan tovarlarning jahon bozoridagi narxlari tushishi yoki tovarlarimizni import qiluvchi mamlakatlarda daromadlar darajasining pasayishi natijasida eksportdan olinadigan daromad kamayishi mumkin. Bu, shuningdek, eksportimiz hajmini ham qisqartiradi.

Biroq 2021 yilda O‘zbekistonda tovar va xizmatlar balansi defitsiti miqdori omil daromadlari balansidagi profitsitdan 4,8 mlrd dollarga (11,4−6,6 mlrd dollar) oshib ketgan.

Bu defitsitning asosiy kelib chiqish sababi va qoplash manbai nimadan iborat?

Nazariy jihatdan, to‘lov balansining joriy operatsiyalari defitsitini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi, portfel investitsiyalari, xalqaro kreditlar va oltin-valyuta zaxiralarining kamayishi hisobidan moliyalashtirish mumkin.

Albatta, yuzaga kelgan tashqi savdo balansi defitsiti iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi bilan bog‘liq bo‘lsa, bu tashqi qarzdorlikning oshishiga olib kelmaydi. Qolaversa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar zamonaviy texnologiyalar, menejment, transmilliy korporatsiyalarning savdo kanallariga yo‘l ochadi, dunyoga mashhur brendlardan foydalanish va boshqa shu kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Shu nuqtai nazardan mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi savdo defitsiti tahdid emas, balki makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning ijobiy omili hisoblanadi. Faqatgina xorij kapitali ishtirokidagi korxonalar tomonidan ichki bozorning monopollashtirilishi holatlari bundan mustasno. Bunday holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilayotgandek tasavvur uyg‘otsa-da, umumiy holda aholi turmush farovonligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ichki bozorni monopollashtirishi mamlakatda qaror qabul qiluvchi hukumat tomonidan olib borilayotgan samarasiz siyosatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibati hisoblanadi hamda davlat mansabdor shaxslarining layoqatsizligi va korrupsiyaga moyilligidan dalolat beradi.

Tashqi qarzlardan samarali foydalanish bilan bog‘liq muammo

Mamlakatning to‘lov balansiga oid ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘sganligiga qaramay, tashqi savdo balansi defitsitini qoplashning asosiy manbai mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bir qatorda, mamlakat tashqi qarzdorligining oshishiga olib keluvchi tashqi qarzlar (xalqaro kreditlar va portfel investitsiyalari) hisoblanadi.

Savdo balansi defitsitini tashqi qarzdorlik hisobidan moliyalashtirish va tashqi qarzdorlik o‘sishining o‘zi iqtisodiy siyosat sifatini tavsiflamaydi, makroiqtisodiy muvozanatning buzilishi va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishiga olib kelmaydi. Tashqi qarz o‘sib borayotgan bo‘lsayu, biroq, bir vaqtning o‘zida, jalb qilingan kreditlardan samarali foydalanilsa, mamlakatning iqtisodiy salohiyati yuksalib borsa hamda bu o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sishning jadallashuvida namoyon bo‘lsa, u holda tashqi qarzlarning o‘sishi xalq uchun manfaatli bo‘ladi.

Biroq, xalqaro kreditlardan samarasiz foydalanilgan holatda tashqi qarzdorlikning o‘sishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, jalb qilingan xalqaro kreditlardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga mamlakatning umumiy tashqi qarzi 34,17 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil 1 yanvar holatiga bu ko‘rsatkich 39,56 mlrd dollarga yetgan. Ko‘rib turganimizdek, 2021 yilda tashqi qarz hajman 5,39 mlrd dollarga oshgan.

Xususan, davlat tashqi qarzi hajmi 2,37 mlrd dollarga ko‘payib, 23,73 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, xususiy sektor tomonidan jalb qilingan tashqi qarz hajmi 3,02 mlrd dollarga ortib, 15,83 mlrd dollarni tashkil etgan.

Bundan kelib chiqadiki, 2022 yilda umumiy tashqi qarzning 60% qismi davlat ulushiga, 40% qismi xususiy sektorga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlash joizki, 2021 yilda jalb qilingan tashqi qarzlarning 44% qismi davlat, 56% qismi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan edi.

Davlat nima sababdan chetdan kredit oladi? Odatda, bu davlat budjeti defitsiti mavjudligi bilan bog‘liq. Agar davlat budjeti defitsiti mavjud bo‘lmaganida, xalqaro kreditlar va portfel investitsiyalari ko‘rinishidagi tashqi moliyalashtirishni jalb qilishga zarurat tug‘ilmagan bo‘lardi. Binobarin, mamlakat tashqi savdo defitsitining o‘sishi asosan davlat budjeti defitsiti bilan bog‘liq bo‘lib, 2021 yilda uning tashqi savdo balansi defitsitiga qo‘shgan «hissasi» 2,37 mlrd dollarni tashkil etgan.

Ma’lumki, davlat — eng samarali xo‘jalik yurituvchisi emas va uning tashqi qarzlardan samarasiz foydalanish ehtimoli juda yuqori. Tashqi qarzlarning salmoqli qismi (jami qarzlarning 60% i va 2021 yilda jalb qilingan qarzdorlikning 44% i) davlat hissasiga to‘g‘ri kelishi va kelgusida ular davlat budjetidan foiz va dividend to‘lovlari bilan birgalikda qaytarilishi lozimligini inobatga olinsa, davlat tomonidan jalb qilingan tashqi qarzlardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi va mazkur masalalar iqtisodiy siyosatning diqqat markazida bo‘lishi lozim.

Ushbu moliyaviy resurslar inson kapitali sifatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa shu kabi ko‘rinishlarda mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shishi favqulodda muhim ahamiyatga ega. Va shu orqali uzoq muddatli istiqbolda tashqi qarzdorlik hisobiga olinadigan foyda uning xarajatlaridan ortiqroq bo‘lishi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Xususiy sektor haqida gap ketsa, 2022 yil 1 yanvar holatiga umumiy tashqi qarzning 40% qismi va 2021 yildagi tashqi qarzdorlik o‘sishining 56 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida, xususiy sektorning tashqi qarzlarni jalb qilish (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini hisobga olmaganda) orqali mamlakat tashqi savdo balansi defitsitiga qo‘shgan «hissasi» 2021 yilda 3,02 mlrd dollarni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun: Tashqi savdo balansi defitsiti, yuqorida aytib o‘tilganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi, joriy va kapital transfertlari, oltin-valyuta zaxiralarining kamayishi hisobidan yuzaga kelishi ham mumkin. Biroq biz hozir faqat tashqi qarzning tashqi savdo balansi defitsitidagi «hissasini» tahlil qilayotganligimizni inobatga olib, to‘lov balansining boshqa elementlarining ta’siri ko‘rib chiqilmayapti.

Ayni paytda, bank sektorining tashqi qarz hajmi o‘tgan yili 1,06 mlrd dollarga ko‘payib, 7,34 mlrd dollarni tashkil etgan, neft-gaz va energetika sohasida — 0,61 mlrd dollar (5,05 mlrd dollar), tog‘-kon-metallurgiya sanoatida — 0,66 mlrd dollarga (0,99 mlrd dollar) tashqi qarzdorlik o‘sishi kuzatilgan.

Davlat sektori tashqi bozordan qarz olishining sababi davlat budjeti defitsiti bo‘lsa, xususiy sektor tashqi bozordan qarz olishining sababi — xususiy sektorda jamg‘armalarning investitsiyalarga nisbatan kamligi, ya’ni jamg‘armalar defitsitidir. Mana shu defitsit xususiy korxonalarni tashqi bozordan qarz olishga majbur qiladi.

Xususiy sektorda salmoqli davlat ulushining ta’siri

Xususiy sektorga tashqi qarzdorlik jalb qilishda iqtisodiyotning davlat ishtirokidagi korxonalar ustunlik qiluvchi tarmoqlarining hissasi yuqori ekanligini payqash qiyin emas. Davlat mulki samaradorligi darajasining pastligini hisobga olgan holda, bu holat ham, bir tomondan, davlat korxonalariga jalb qilingan tashqi moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligiga alohida e’tibor qaratishni talab etadi.

Demak, davlat budjeti defitsitini faqat davlat budjeti va budjetdan tashqari fondlar daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq deb emas, balki davlat korxonalari daromadlari va xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi, deb keng talqin qiladigan bo‘lsak, mamlakat tashqi bozorlardan olayotgan qarzlarning va mamlakat tashqi qarzi o‘sishining aksariyat qismi davlat sektori hissasiga to‘g‘ri kelayotganinini ko‘rishimiz mumkin.

Boshqa tomondan, davlat korxonalari faoliyati samarasizligi muammosining mavjudligi ularni xususiylashtirish va bu borada qabul qilingan davlat dasturini amalga oshirish, moliya sektorini isloh qilish va iqtisodiyotda jamg‘armalarni rag‘batlantirish masalalarining dolzarbligini yanada oshiradi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bank tomonidan o‘tkaziladigan valyuta intervensiyalari oltin-valyuta zaxiralarining «neytralligi» tamoyiliga asoslanadi. Bu Markaziy bank valyuta mablag‘larini sof sotish hajmini yil mobaynida xarid qilingan monetar oltin chegarasida ushlab turishini anglatadi. Boshqacha aytganda, Markaziy bank ichki valyuta bozorida operatsiyalar amalga oshirishda jamg‘arish yoki mavjud oltin-valyuta zaxiralaridan foydalanish maqsadini ko‘zlamaydi, balki pul massasining haddan tashqari o‘sishining oldini olish tamoyiliga asoslanadi.

Ushbu yondashuv suzib yuruvchi valyuta kursi rejimi talablariga mos keladi. Bunday rejimda markaziy banklarning ichki valyuta bozoridagi ishtiroki minimal bo‘ladi va Markaziy bankning valyuta bozoriga intervensiyasi faqatgina umumiy tendensiya doirasida so‘m kursining keskin tebranishlarini yumshatish maqsadida amalga oshiriladi.

So‘nggi yillardagi ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, Markaziy bankning valyuta bozoridagi operatsiyalari cheklovchi emas, ko‘proq rag‘batlantiruvchi harakterga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, 2017−2021 yillarda O‘zbekistonning rasmiy oltin-valyuta zaxiralari 8,0 mlrd dollarga (27,1 mlrd dollardan 35,1 mlrd dollarga) oshgan.

Bundan kelib chiqadiki, valyuta bozoridagi intervensiyalar orqali Markaziy bank sotganidan ko‘ra ko‘proq chet el valyutasini sotib oldi va bu orqali mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmini oshirdi. Demak, Markaziy bank intervensiyalarisiz o‘zbek so‘mining kursi yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi, o‘z navbatida, eksport hajmi kamroq, import hajmi va tashqi savdo defitsiti miqdori esa amaldagidan ham ko‘proq bo‘lar edi.

Demak, O‘zbekistonda sezilarli savdo balansi defitsiti mavjudligi, bir tomondan, davlat budjeti defitsiti mavjudligi bilan, ikkinchi tomondan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmiga nisbatan jamg‘armalarning yetishmasligi bilan izohlanadi.

Aynan davlat budjeti defitsitini qoplash va xususiy sektor investitsiyalarini (asosan davlat ishtirokidagi korxonalarni) moliyalashtirish maqsadida kreditlar va portfel investitsiyalar ko‘rinishidagi tashqi moliyaviy resurslar jalb qilinmoqda. Ushbu moliyaviy resurslarning kirib kelishi mamlakat importining eksportdan oshib ketishining asosiy sababidir.

Bu shuni anglatadiki, jamg‘armalar va xususiy sektorga investitsiyalar darajasi o‘zgarmagan holda savdo balansi defitsitini qisqartirish uchun davlat budjeti defitsitini kamaytirish, davlat budjeti defitsiti darajasi o‘zgarmagan holda esa iqtisodiyotning xususiy sektoridagi «jamg‘arma-investitsiya» balansidagi yetishmovchilikni qisqartirish zarur.

«Davlat budjeti daromadlari va xarajatlari» hamda xususiy sektorda «jamg‘arma va investitsiyalar» nomutanosibligining umumiy qisqarishi har qanday kombinatsiyada mamlakat savdo balansi defitsitining kamayishiga olib keladi. Ushbu nisbatlar tiklanmas ekan, savdo balansi defitsitini kamaytirishga qaratilgan har qanday urinish muvaffaqiyatsizlikka mahkum.

Import proteksionizmi tashqi savdo defitsitini kamaytirishga yordam beradimi?

Bir qarashda, savdo defitsiti import hajmining eksport hajmidan ortib ketishi bo‘lganligi sababli, bu defitsit miqdorini kamaytirish uchun import proteksionizmini kuchaytirish va import hajmini qisqartirish zarurdek tuyuladi. Import siyosatini liberallashtirishdan qo‘rqish ham shundan — liberallashtirish importning ortishiga va tashqi savdo defitsitiga olib keladi, deb hisoblashdan kelib chiqadi.

Biroq, agar suzib yuruvchi valyuta kursi sharoitida tashqi savdo defitsiti davlat budjeti defitsiti va xususiy sektorda «jamg‘arma-investitsiya» muvozanati nomutanosibligining oqibati bo‘lsa, u holda bu muammoni hal qilish import proteksionizmini kuchaytirishni emas, balki iqtisodiy siyosatning mutlaqo boshqa dastaklaridan foydalanishni talab qiladi.

Suzib yuruvchi valyuta kursi sharoitida proteksionizm yoki tashqi savdo siyosatini liberallashtirish orqali tashqi savdo balansiga ta’sir ko‘rsatib bo‘lmaydi. Ushbu dastaklardan foydalanish tashqi savdo balansiga emas, faqatgina eksport va import hajmiga ta’sir qilishi mumkin.

Masalan, import proteksionizmi darajasining oshishi milliy valyutaning real ayirboshlash kursining o‘sishiga olib keladi. Natijada eksport hajmi qisqaradi va import hajmi ortadi, bu esa savdo balansi dastlabki holatining qayta tiklanishiga xizmat qiladi.

Liberallashtirish va import proteksionizmining qisqarishi real ayirboshlash kursining pasayishi va shunga mos ravishda eksport hajmining oshishi, import hajmining qisqarishiga olib keladi. Natijada dastlabki savdo balansi yana o‘zgarishsiz qoladi.

Savdo balansi defitsitining asosiy sababi davlat budjeti defitsiti yoki xususiy sektor investitsiyalariga nisbatan jamg‘armalarning yetishmasligi bo‘lganligi sabab, savdo defitsitini kamaytirish uchun iqtisodiy siyosat davlat budjeti defitsitini qisqartirishga yoki xususiy sektorda jamg‘armalarni rag‘batlantirishga yoki bir vaqtning o‘zida har ikkisiga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Ochiq iqtisodiyotda makroiqtisodiy darajadagi o‘zaro bog‘liqliklar bizning intuitsiyamiz taklif qilgandan ko‘ra murakkabroq. Shu nuqtai nazardan, iqtisodiy siyosatning turli vositalaridan foydalanish, mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, butunlay kutilmagan makroiqtisodiy natijalarga olib kelishi mumkin.

Aytaylik, hukumat avtomobillar uchun import bojlarini 80% dan 20% gacha kamaytirishga qaror qildi. Bunday liberallashtirish mamlakat savdo balansi defitsitining oshishiga olib keladimi?

Birinchi intuitiv javob — ha, chunki bunday siyosatning oqibati avtomobillar importining sezilarli darajada oshishidan iborat bo‘ladi, bu esa tashqi savdo defitsitini oshiradi.

Lekin, aslida, to‘g‘ri javob — yo‘q. Avtomobil importi siyosatini liberallashtirish, katta ehtimol bilan, mamlakatning tashqi savdo balansi salbiy saldosining qisqarishiga olib keladi. Mana, nima uchun to‘g‘ri javob — «yo‘q»: avtomobillar uchun import bojlarini 80% dan 20% gacha kamaytirish avtomobillar importi hajmining yiliga, aytaylik, 200 mingtagacha oshishiga olib keladi. Mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona butlovchi qismlarni olib kirishdagi bojlarni to‘lashdan ozod qilingani bois, avtomobillar uchun import bojlar stavkasini pasaytirish va ularni import qilish hajmini oshirish davlat budjetiga qo‘shimcha daromad keltiradi. Faraz qilaylik, import qilinadigan avtomobilning o‘rtacha narxi 10 ming dollar. Bu holda davlat budjetiga import bojlaridan 20% miqdorida qo‘shimcha tushum yiliga 400 mln dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, ushbu qo‘shimcha daromadlar davlat budjeti defitsitini va uni qoplash uchun tashqi qarzga bo‘lgan ehtiyojni ayni shu miqdorga kamaytiradi. Bu jami savdo balansi defitsitining o‘sishiga emas, balki shu miqdorga qisqarishiga olib keladi, garchi avtomobil importi o‘sgan bo‘lsa ham. Savdo balansi defitsitining bunday qisqarishiga, avtomobillar importi rejimini liberallashtirishga javoban milliy valyuta kursini avtomatik moslashtirish (pasaytirish) va buning natijasida eksport umumiy hajmining tegishli tarzda o‘sishi va importning umumiy hajmini cheklash orqali erishiladi. Qolaversa, bunday siyosat iqtisodiyotda resurslardan yanada samarali foydalanish, iste’molchilarning tanlovini kengaytirish va ularning didi va xohishidan kelib chiqqan holda talablarini to‘liq qondirish imkonini beradi.

Importni liberallashtirish dasturini xuddi shu tarzda, hozirgi vaqtda yuqori import bojlari o‘rnatilgan, lekin tarkibiy qismlariga import tariflari qo‘llanilmaydigan boshqa mahsulotlar (masalan, maishiy elektronika importi) ham qamrab olinishi hisobiga kengaytirilsa, davlat daromadlari yanada ko‘payadi, tashqi qarzdorlik va, o‘z navbatida, tashqi savdo defitsiti yanada kamroq bo‘ladi.

Bundan tashqari, savdoni erkinlashtirish nafaqat import tariflarini pasaytirish, balki barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng va adolatli raqobat sharoitlarini yaratish maqsadida savdo siyosatining barcha vositalarini isloh qilishni ham anglatadi.

Masalan, ichki bozorda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun juda ko‘p sonli samarasiz soliq va kredit imtiyozlari bekor qilinsa, davlat budjeti daromadlari qanchalik ko‘payib, budjet defitsiti, o‘z navbatida, mamlakat savdo balansi defitsiti ham qanchalar kisqarishini tasavvur qilish mumkin.

Darhaqiqat, agar davlat budjeti muvozanatlashgan bo‘lsa va xususiy sektor jamg‘armalari xususiy sektorning investitsiya ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun yetarli bo‘lsa, unda savdo balansi defitsiti qayerdan kelib chiqadi?

Import rejimini liberallashtirish odatda iqtisodiyotning ochiqligini oshirish, ichki tovar bozorlarida raqobatni kuchaytirish, inflyatsiya sur’atini pasaytirish, mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar bilan bir vaqtda olib borilishi ham muhim. Bu chora-tadbirlarning barchasi iqtisodiyotda narxlar darajasi izdan chiqishini bartaraf etish, mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

Bu islohotlarning natijasi o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda tarkibiy qayta qurishlar sur’atlarining tezlashishi, iqtisodiy o‘sish va shunga mos ravishda xalq turmush farovonligining oshishidan iborat bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.