Joriy yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga 133 ming nafar mehnat muhojiri qaytgan, ulardan 50 ming nafari mart oyida kelgan.

Yanvar-mart oylarida jami 193 ming nafar mehnat muhojiri mamlakatimizga qaytdi, dedi seshanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Yunusov.

U keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatga 502 ming muhojir qaytgan, shundan 280 ming nafari Rossiyadan kelgan.

Agentlik Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida vatanga qaytish niyatlari haqida anonim so‘rov o‘tkazdi. Unda 15 mingga yaqin respondent ishtirok etdi. So‘rovda qatnashganlarning 15 foizi ishini yo‘qotib, hozirda O‘zbekistonga qaytayotgani, 25 foizi qaytish istagida bo‘lgan rubl kursining o‘zgargani, 24 foizi ishlayotgani va o‘ylab ko‘rishini bildirgan. Agar ular ishdan ayrilsa, qaytib kelishini ma’lum qilgan. Qolgan 36 foizida mehnat shartnomasi bor va qaytishni o‘ylamayman, deb javob berishgan.

Azizbek Yunusov, shuningdek, mahallalarda uyma-uy yurish natijasida, 1 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatga qaytgan 128 ming nafar fuqaroning ahvoli o‘rganilganini ma’lum qildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Axmatov esa fevral-mart oylarida migrantlardan ish haqlarini vaqtida ololmaslik haqida kelib tushayotgan murojaatlar soni keskin ortganini ma’lum qildi.

«Masalan, o‘tgan ikki oyda 2,2 mingdan ortiq fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, buning 1,3 mingdan ortig‘i ish haqini vaqtida ololmaslik bilan bog‘liq murojaatlar hisoblanadi. Ilgari bu mazmundagi murojaatlar 10−15 foiz atrofida bo‘lgan. Biroq so‘nggi oyda uning darajasi keskin oshdi», — deya ta’kidladi Azim Axmatov.