O‘zbekistonda 12−15 aprel kunlari yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

«Global Money Week-2022» doirasida Markaziy bank tomonidan tijorat banklari, sug‘urta va to‘lov tashkilotlari bilan birgalikda butun mamlakat bo‘ylab moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi. Darslarda qatnashuvchilarga pul bilan to‘g‘ri munosabatlar haqida bilim va ko‘nikmalar berilishi aytildi.

Shuningdek, ushbu darslarda yuqori malakali mutaxassislar so‘zga chiqib, moliya olamidagi dolzarb yo‘nalishlar haqida gapirib berishadi. Mahorat darslari har bir viloyatning «Yoshlar markaz"larida o‘tkaziladi.

Mahorat darslari jadvali quyidagicha:

  • 12 aprel — Andijon, Navoiy, Jizzax shaharlari;
  • ️13 aprel — Farg‘ona, Xorazm, Samarqand va Buxoro shaharlari;
  • ️14 aprel — Namangan, Guliston, Qarshi va Nukus shaharlari;
  • ️15 aprel — Nurofshon, Termez va Toshkent shaharlari.

Hududlardagi yoshlar saroylarining manzillarini bu yerdan topishingiz mumkin.

Mahorat darslarida maktab o‘quvchilari hamda talabalar qatnashishi mumkin. Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, darslarda ishtirok etishni xohlagan boshqa yoshdagi aholi vakillari ham istisno tariqasida qatnashishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Markaziy bank O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgandi.