O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasida qurol qo‘llash bilan bog‘liq hodisa ro‘y berdi, deya xabar qildi kabar.kg nashri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXX) Chegara xizmati matbuot xizmatiga tayanib.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Jalolobod viloyati Aqsi tumani Deyres qishlog‘ida Qirg‘izistonning bir necha fuqarolari O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda otda yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Ular O‘zbekiston hududidagi davlat chegara chizig‘idan 500 metr uzoqlikda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati chegara xizmati xodimlari tomonidan aniqlangan. Kontrabandachilar o‘zbek chegarachilarining to‘xtash haqidagi talablariga bo‘ysunmagan.

«Tinch aholini hibsga olish vaqtida janjal kelib chiqdi. O‘zbekiston chegarachilari o‘z hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish maqsadida qurol ishlatgan, natijada ikki fuqaro hayot uchun xavfli o‘q jarohatlari olgan. Qolgan jinoyatchilar esa Qirg‘iziston hududiga qochishga muvaffaq bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston chegarachilarining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston fuqarolari umumiy qiymati 20 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan kontrabanda yukini olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistondan bo‘lgan, biroq 2012 yilda Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular O‘zbekiston pasportini o‘zlari bilan olib yurgan.

Kecha, soat 17.55 da hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun voqea joyiga borgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikasi chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. «Chegara vakillari voqea yuzasidan har bir tomon o‘z tekshiruvini o‘tkazishiga kelishib oldilar», — deyiladi bayonotda.