OAV bilan tizimli ishlamagani uchun Avtoqo‘mita raisi va Andijon shahar hokimi ogohlantirildi

Vazirlar Mahkamasi majlisida davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati tanqid qilindi. Jizzax viloyatidan boshqa barcha hududlar saytida ochiq ma’lumotlar uch oygacha yangilanmagani ta’kidlandi. OAV va jamoatchilik bilan tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev va Andijon shahar hokimi Baxromjon Haydarov ogohlantirildi.

Murod Nazarovning deputatlik vakolati muddatidan avval tugatildi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan deputat Murod Nazarovning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. U o‘z arizasiga ko‘ra deputatlikdan ketgan.

Zangiota tuman hokimi yordamchisi pora olayotganda ushlandi

Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi yordamchisi va kadastr bo‘limining sobiq xodimi 1000 dollar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ular tadbirkorga turar-joy binosi qurish uchun ruxsatnoma va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan.

Dorilar va tibbiyot buyumlarini markirovkalash 1 sentabrdan boshlanadi

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022−2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Birinchi bosqich 1 sentabrdan boshlanadi.

Toshkentdagi «G‘alaba bog‘i» majmuasi 30 aprelga qadar yopildi

Toshkentning Olmazor tumanidagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ta’mirlanayotgani tufayli bog‘ga kirish 30 aprelgacha to‘xtatiladi.

OAV: O‘zbekiston sanksiyalar tufayli Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatdi

UzAuto Motors sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatdi, deb xabar berdi Eurasianet.

O‘tgan 3 oyda 25 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan

Yanvar-mart oylarida ulgurji iste’molchilar tomonidan 28 mln kubdan ortiq tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani ma’lum qilindi. Bu bilan gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 25 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Fermer yer ajratib beryapti, deb eshitib borganmiz — chiroqchiliklar IIO xodimlari bilan ziddiyat haqida

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Oqoltin MFYda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi. Viloyat IIB fermer o‘z dala maydonini shudgor qilayotganda aholi vakillari qarshilik ko‘rsatganini ma’lum qildi. Fuqarolar esa fermer yeridan aholiga tarqatilyapti, deb eshitib kelganlarini ta’kidladi. «Xalqqayam yer bersin, bolalarimiz Rossiyada ishsiz yuribdi», — dedi mojaro ishtirokchilaridan biri.

O‘zbek chegarachilari noqonuniy yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan qirg‘izistonliklarga o‘q uzdi, ikki kishi halok bo‘ldi

O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston hududidan noqonuniy yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslarga qarata o‘q uzdi. Ularning ikki nafari halok bo‘ldi, qolganlari Qirg‘iziston ichiga qochib kirgan.

O‘zbekiston fevral oyida dunyodagi eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi

Butunjahon oltin kengashining oylik hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston fevral oyida 22 tonna oltin sotgan holda dunyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. 1 mart holatida O‘zbekistonning oltin zaxiralari 339 tonna yoki 20,72 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

8−11 aprel kunlari kuchli shamol bo‘lishi kutilmoqda — O‘zgidromet

Haftaning payshanba kunidan boshlab respublikaning turli hududlarida shamol tezligi oshib, 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda chang to‘zoni ham bo‘lishi mumkin. Kuchli shamol 11 aprelgaa davom etishi taxmin qilinyapti.

Yil boshidan buyon Rossiyadan 133 ming mehnat muhojiri qaytib keldi

Yil boshidan buyon Rossiyadan O‘zbekistonga 133 ming nafar mehnat muhojiri qaytgan bo‘lsa, shundan 50 ming nafari mart oyida keldi, deb xabar qildi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi. Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov respondentlarning 60 foizi hali qaytishni rejalashtirmaganini ko‘rsatdi. Shuningdek, Rossiyada ish haqini vaqtida ololmayotgan o‘zbekistonliklar soni keskin ortgani aytildi.

Yevropaga tayyor mahsulot eksport qilganlarga tashish xarajatlarining 70 foizi qoplab beriladi

Prezident farmoni bilan 1 apreldan mahalliy korxonalarga Yevropa Ittifoqiga yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 70 foizi, qo‘shni davlatlarga tashishda esa xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Qolaversa, bojxona omborida 6 oy turgan tovarlarga imtiyoz qo‘llashni taqiqlovchi tartib ham bekor bo‘ldi.

ITSVga tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solish vakolati berildi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2023 yilga qadar O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berildi. Qolaversa, «O‘ztreyd» va «O‘zsanoateksport»dagi davlat ulushi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga berildi. Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 ming dollargacha kreditlar ajratiladi.

O‘zbekistonliklar qaysi avtomashina brendi bilan ko‘proq qiziqishadi?

Google trends ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar oxirgi bir yil ichida asosan Hyundai va Kia avtobrendlari haqida ma’lumot izlashgan. BMW`ga asosan Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchilar qiziqsa-da, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ham ushbu brendga qiziqish katta.

Korrupsiyaviy jinoyatlarning uchdan birini sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari sodir etgan — Senat raisi

Senat raisi Tanzila Narbayeva korrupsiyaviy jinoyatlarning har uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri poraxo‘rlik emas, balki firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari ko‘paygani aytildi.

12 — 15 aprel kunlari O‘zbekiston bo‘ylab yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik darslari bo‘lib o‘tadi

«Global Money Week-2022» doirasida Markaziy bank tomonidan 12−15 aprel kunlari yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mahorat darslari tashkil qilinadi. Mahorat darslari har bir viloyatning «Yoshlar markaz"larida o‘tkaziladi. Darslarda qatnashuvchilarga pul bilan to‘g‘ri munosabatlar haqida bilim va ko‘nikmalar berilishi aytildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

O‘zbekistonning savdo balansi defitsiti nega o‘sib bormoqda va uni qanday bartaraf etish mumkin?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda savdo balansi defitsiti ortib bormoqda. Mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajman qisqarishi xavfi kuchaymoqda, O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri Rossiyada makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning pasayishi kutilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning ushbu mamlakatga eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Iqtisodiyot fanlari doktori, JIDU professori Nishonboy Sirojiddinov O‘zbekistonning yaqin kelajakdagi makroiqtisodiy barqarorligini ta’minlash imkonini beruvchi iqtisodiy siyosat yo‘nalishlarini tahlil qiladi.