Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga ta’lim tizimini boshqarishda Vazirlar Mahkamasining vakolatlari qisqartirishni ko‘zda tutgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra:

  • ilmiy kengash a’zolarining yarmidan ko‘pi mazkur kengashni tuzgan, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan olimlardan iborat bo‘lishi sharti bekor qilinmoqda;
  • faqat davlat ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va kasblar ro‘yxatini tasdiqlash, shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlarini, shuningdek davlat ishtirokida tashkil etiladigan oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarini (rahbarlarini) lavozimga tayinlash hamda egallab turgan lavozimidan ozod etish Vazirlar Mahkamasi vakolatidan chiqarilmoqda;
  • 5 xil toifadagi shaxslarning ta’lim tashkilotlarida pedagog (professor-o‘qituvchi) sifatida faoliyat olib borishi taqiqlanmoqda.

Hujjat loyihasi muhokamasi 19 aprelga qadar davom etadi.

Ma’lumot uchun, prezident o‘tgan yil oxirida «Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi. Unga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda 35 ta OTM moliyaviy mustaqillik asosida faoliyat yuritishi belgilandi.

Ro‘yxatdan O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqalar joy olgan.