Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, Nukus va Toshkent shaharlari, viloyatlar markazlarida chorrahalar to‘liq raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, chorrahalarda raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi. Ular quyidagi davrlarda amalga oshiriladi:

  • 2023 yil yakuniga qadar poytaxtning barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida;
  • 2024 yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida.

Qaror bilan tuman (shahar) hokimliklariga o‘z hududlaridagi avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish huquqi beriladi.

Mazkur dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima summasining 30 foizi bevosita tuman (shahar) mahalliy budjetiga yo‘naltiriladi hamda ushbu mablag‘lar yo‘l harakatini raqamlashtirish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qo‘shimcha shtatlarini kiritishga sarflanadi.

Bundan tashqari, 2023 yil yakuniga qadar transport va piyodalar oqimi, piyodalar bilan bog‘liq sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining tahlili asosida tumanlar va shaharlardagi aholi gavjum hududlarda piyodalar o‘tish joylariga piyodalar boshqaradigan svetoforlar o‘rnatilishi nazarda tutilmoqda.

2022 yil 5 apreldan boshlab Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi:

  • yo‘l harakatini tashkil etish sohasida undiriladigan ayrim jarima, olinadigan yig‘im va to‘lovlar;
  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari uchun har yili budjet parametrlarida dasturlar asosida ko‘zda tutiladigan mablag‘lar;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozit hisobraqamlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘lari faqat quyidagilar uchun maqsadli sarflanadi:

  • yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalari, ularning ehtiyot qismlari, o‘rnatish uchun belgilangan konstruksiya va qurilish materiallari hamda maxsus bo‘yoqlarini xarid qilish;
  • shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarida yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini o‘rnatish, almashtirish, saqlash, demontaj qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni moliyalashtirish;
  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan zamonaviy maxsus texnika vositalari bilan ta’minlash, ularning xodimlari uchun har oylik va bir martalik rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish;
  • maktabgacha ta’lim hamda xalq ta’limi vazirliklariga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchi va o‘quvchilarida yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan moddiy-texnik va o‘quv bazasini yaratish, shuningdek, mahallalarda bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatish maydonchalariga yo‘l belgilarini o‘rnatish va yo‘l chiziqlarini chizish chora-tadbirlarini moliyalashtirish.