Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi sohasidagi kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, eng avvalo, maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanadi.

Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3−4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi.

Buning uchun:

  • 1 iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi;
  • ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;
  • xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida «trenerlar guruhlari» shakllantiriladi;
  • mazkur trenerlar esa joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi.

Umuman, yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Prezident bu borada Qoraqalpog‘iston va Samarqand tajribasini ko‘rsatib o‘tdi.

Misol uchun, Qoraqalpog‘istondagi mobil guruhlar bir oy davomida joyida muallimlarni o‘qitgani natijasida ularning bilim va ko‘nikmalari 15 foizga yaxshilangan.

Samarqandda 420 nafar ilg‘or pedagoglar tanlab olinib, mobil guruhlar viloyatning 9 ming nafar o‘qituvchilar malakasini oshirishni boshlagan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda hamma viloyatlarda Prezident maktablari ochilgani, ularda zamonaviy ilg‘or metodikalar asosida ta’lim beriliyotgani ta’kidlandi. Xususiy maktablarda ham bunday ilg‘or metodikalar joriy qilinayapti.

«Savol tug‘iladi, qaysi hokim o‘z maktablarida ushbu ilg‘or metodikalarni joriy qilish bo‘yicha ishlayapti? Afsuski, hozircha bunday tashabbuslar yo‘q!» — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, respublika bo‘yicha ayni paytda 120 ta maktab yuqori koeffitsiyentda ishlamoqda.

Qolaversa, ko‘plab maktab filiallarining ahvoli mutlaqo bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Maktablarni kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayotgani tanqid qilindi.

Olis va chekka hududlardagi hamda «og‘ir» sharoitdagi maktablarda ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.